Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugungi kunda jamiyatning qator sohalari kabi gaz ta’minoti tizimining suyultirilgan gaz yo‘nalishiga raqamli iqtisodiyotning kirib kelishi bilan bugun oldingiga nisbatan ish unumdorligi tubdan farq qilmoqda. Buni isboti sifatida, aniq natijalarga e’tibor qaratamiz. “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan suyultirilgan gaz ta’minotida avtomatlashtirilgan tizim joriy etilgach, hududlarda aholiga gaz tarqatadigan mas’ul shaxslarning ta’minot xaridi uchun iste’molchidan naqd pul qabul qilishiga chek qo‘yildi. Bundan ko‘zlangan maqsad, birinchi navbatda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan. Masalan, shu vaqtgacha agarda 20 kilogramm uglevodorodli suyultirilgan gaz solingan bitta gaz ballon xaridi uchun belgilangan tartib bo‘yicha 22 400 so‘m to‘lanishi kerak bo‘lsa, iste’molchi soha xodimiga kamida 23 000 so‘m berardi. Xodim esa 600 so‘m qaytarishiga to‘g‘ri kelardi.
O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu iste’molchi va soha xodimi uchun ovoragarchilik, turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘lardi. O‘rtada aholining tizimga bo‘lgan ishonchiga putur yetishi ehtimollari ham mavjud edi. Hozir esa iste’molchi o‘ziga taqdim qilingan ID-kartani yetarli mablag‘ bilan ta’minlaydi. Gaz ballon olganida, uning hisobidan 22 400 so‘m yechib olinadi. Iste’molchining telefon raqamiga xarid ma’lumoti haqida SMS xabarnoma keladi.
Ayni kunda Surxondaryo viloyatida 400 mingdan ortiq suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud bo‘lsa, shundan 50 ming nafardan ortig‘i Denov tumaniga to‘g‘ri keladi. Iste’molchi ko‘p, ba’zi mahallalar tog‘li hududlarda joylashgan Demak, ish hajmi ham shunga yarasha. Iste’molchilar orasida gaz balonni vaqtida qabul qilmaydigan yoki kartasiga mablag‘ to‘ldirishni unutib qo‘yadiganlari ham bor. Bir yoki ikki nafar iste’molchi uchun gaz ballon tashuvchi texnikaning shu hududga qaytib kelishi ortiqcha xarajat talab etadi, xodimlarning qancha vaqti bekorga ketadi. Shuning uchun iste’molchilar mas’uliyatni oshirishlari zarur.
Tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlar aholisini gaz ballon bilan belgilangan muddatda ta’minlab borish eng muhim masalalardan biri. Bunda iste’molchi ham o‘z majburiyatini unutmasligi zarur. Aslida, belgilangan me’yor bo‘yicha har bir iste’molchiga gaz ballon kamida bir oyda, uzog‘i 40-45 kun oralig‘ida yetkazilishi kerak. Ammo, “guruch kurmaksiz bo‘lmaydi”. Afsuski, oldin tizimdagi ba’zi xodimlarning ishiga sovuqqonlik, e’tiborsizlik bilan yondashganligi bois, qaysidir hududlarda iste’molchilarga o‘z vaqtida gaz ballon yetib bormaslik holatlari ham kuzatilgan (resurs masalasi bundan mustasno). Avtomatlashtirilgan tizim imkoniyatlari tufayli esa bu kabi kamchiliklar to‘liq bartaraf etilmoqda. Abonentlarga berilgan ID-kartalar “Ye-Gaz” onlayn tizimiga ulangan bo‘lib, iste’molchi bir oy to‘lmasdan turib, yangi gaz ballon olish imkoniga ega emas. Ya’ni, ID-kartada barcha ma’lumotlar joylangan bo‘lib, iste’molchining oxirgi marta qachon gaz ballon bilan ta’minlanganligi “E-Gaz” onlayn tizimida ko‘rinib turadi. Bitta xo‘jalikka faqat bir dona gaz ballon beriladi. Qolaversa, endi aholiga gaz ballon tarqatadigan xodimlarga ko‘rsatadigan xizmatining hajmi va sifatiga qarab maosh belgilash tartibi joriy etildi. Va bu maxsus baza orqali nazorat qilib turiladi. Eng muhimi, suyultirilgan gaz narxining sun’iy oshirilishiga chek qo‘yiladi.
"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati