Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tabiiy gazdan oqilona foydalanish va ortiqcha sarfni kamaytirish maqsadida aholi xonadonlarining qozonxonalaridagi (maʼnan eskirgan, qo‘lbola) yondirgichlar (gorelkalar) zamonaviy issiqlikni avtomatik ravishda boshqaruvchi va xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlangan gaz yondirgichlarga almashtirilmoqda. Bu boradagi targ‘ibot tadbirlari «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filiali hamda shahar, tumangaz gaz taʼminoti bo‘limlari tomonidan muntazam olib borilmoqda.
Xususan, Qiziltepa tumanida ham aholi va ulgurji isteʼmolchilar bilan gaz taʼminoti xodimlari uchrashib, energotejamkor gaz uskunalarining afzal jihatlari yuzasidan tushuntirishlar berib kelishmoqda.
Maʼlumot o‘rnida keltirish joiz, tumanda 21 mingga yaqin gaz isteʼmolchisi mavjud. Har bir isteʼmolchi xonadonida o‘rnatilgan energiya tejakor gaz yondirgichlar gaz sarfini kamaytirishi, natijada gaz tejalishiga hissa qo‘shishi bilan ahamiyat kasb etadi. Shunga ko‘ra, olib borilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida 2021 yildan buyon tumanda 1894 ta maʼnan eskirgan, nostandart gaz uskunalari zamonaviy, energiyatejamkorlariga almashtirildi.
Joriy yil boshidan buyon esa tumanda aholi xonadonlarida 135 ta , ulgurji isteʼmolchilarda 17 eskirgan gaz yondirgichlari o‘rniga yangi va zamonaviy gaz uskunalari o‘rnatildi.Tumanning “Gulzor” mahallasida 300 dan ortiq tabiiy gaz isteʼmolchisi istiqomat qiladi. Mahallada yashovchi Raʼno Uzoqova o‘tgan yili eskirgan gaz yondirgichlarini yangi, zamonaviy gaz uskunalariga almashtirgandi. R. Uzoqova bilan suhbatlasharkanmiz, bu to‘g‘ri qaror bo‘lganini va yangi gaz yondirgichlarida gaz sarfi kamligi hisobiga to‘lovlar ham kam summani tashkil etayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
- Energiyatejamkor gaz yondirgich o‘rnatganimizdan xursandmiz, - deydi isteʼmolchi R. Uzoqova. – Gazga kam pul to‘layapmiz, yana avtomatik ravishda zamonaviy yondirgichni o‘chishi, is gazi sizib chiqmasligi ham bizga maʼqul keldi. Xavfsizlik tomonidan ham ko‘nglimiz xotirjam.
Joriy yil davomida tumanda aholi xonadonlarida 938 ta, ulgurji isteʼmolchilarda esa 84 ta maʼnan eskirgan uskunalar zamonaviy gaz yondirgichlarga almashtirilishi rejalashtirilgan.
"Hududgaz Navoiy" gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati