Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojning yuqoriligi ushbu resursdan oqilona foydalanish va uni tejashni talab etadi. Zamon talabiga to‘la javob beradigan energotejamkor gaz uskunalaridan foydalanish esa nihoyatda muhimdir.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan aholi va ulgurji iste’molchilar uchun zamonaviy energotejamkor gaz uskunalari o‘rnatilmoqda.
Xususan, “Kogongaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan Kogon shahridagi “Maxtumquli” mahalla fuqarolar yig‘inida energotejamkor uskunaning afzalliklari hamda qulayliklari haqida tushuntirish-targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xonadonlardagi bu bilan bog‘liq muammolar tahlil qilindi. Soha mutaxassisi nostandart gaz jihozlaridan foydalanmaslik, energotejamkor uskunalarni o‘rnatish lozimligi hamda bu bilan gaz sarfini 40-45 foizga tejash mumkinligini alohida qayd etdi.
– Ta’kidlash lozim, bugunga qadar viloyat bo‘yicha 4 mingdan ortiq zamonaviy energotejamkor gaz uskunalari o‘rnatildi, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Sa’dullo Xalilov. – Ya’ni aholi xonadonlarining 4 ming 173 ta, ulgurji iste’molchilarining esa 189 ta ma’naviy eskirgan gaz uskunalari zamonaviy energo tejamkor gaz uskunalariga almashtirildi.
Ma’lumot uchun, ushbu uskuna gaz bosimi o‘zgarganda, ta’minotda uzilishlar bo‘lganda, avariya holatlarida avtomat tarzida ishlaydi. Eng muhimi, xavfsizlikning ta’minlanishida ahamiyatlidir. Jumladan, iste’molchilardagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan is gazining oldini olinishida hamda yong‘in xavfsizligi, oilaviy tejamkorlikni ta’minlashda uning o‘rni beqiyos.
Gaz ta’minoti xodimlari joylardagi targ‘ibotlari davomida zamonaviy energotejamkor gaz uskunalarining yuqorida tilga olingan afzalliklari xususida to‘xtalib o‘tar ekan, albatta, uning amalda qo‘llanilishi aholi uchun juda qulayligini qayd etishadi.