Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan joylarda amaliy ishlar davom etmoqda.
Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil yanvar oyida Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida Olot tumanida tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish va tashkil qilinayotgan sanoat zonasida ishlab chiqarish ob'yektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida “Olot” gaz taqsimlash stansiyasidan chiqarilgan mavjud sanoat tarmog’idan Olot sanoat zonasigacha gaz tarmog’ini qurib, foydalanishga topshirish bo’yicha vazifalar belgilab berilgan edi. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida esa amaliy ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan “Olot” gaz ta’minoti stansiyasidan chiqarilgan mavjud sanoat tarmog’idan Olot tumani “Arabxona” mahalla fuqarolar yig’ini hududidagi sanoat zonasigacha yangi gaz tarmog’ini qurish bo’yicha barcha hujjatlar tayyorlandi. Unga ko’ra esa kesimi 352*6,0 mmli 25,0 km uzunlikda gaz tarmog’ini qurish ko’zda tutilgan.
Shuningdek, “O’ztransgaz” AJning 2022-yil 23-maydagi farmoyishiga asosan Olot tumanida tashkil etilgan sanoat zonasini gazlashtirish uchun “Kogon” magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli “Romitan-Olot-Qorako’l” magistral gaz tarmog’idan rekonstruksiya qilish jarayonida yer ostida qolgan, kesimi 325 mmli 2-guruhga mansub bo’lgan po’lat gaz quvurlarning hisobidan 25,0 km uzunlikdagi po’lat quvurlari ajratilishi belgilandi.
Bugungi kunda esa “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan yuqorida qayd etilgan farmoyishga asosan kesimi 325 mmli bo’lgan 2-guruhga mansub bo’lgan po’lat quvurlarni tashish ishlari amalga oshirilib, montaj jarayonlari boshlandi.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati