Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Gazli Romitan tumani tarkibiga kiruvchi kichik shaharcha bo’lib, viloyat markazidan salkam 106 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bugun ushbu olis hududda 1300 dan ortiq xonadonda 6500 ta aholi istiqomat qiladi. Ikkita – “Baynalminal” va “Gazli” mahallalaridan iborat. U yerdagi aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida Sanobar opa Nusratova o’z hissasini qo’shib kelmoqda.
Sanobar opa gaz ta’minotida 2015-yildan buyon faoliyat olib bormoqda. So’nggi uch yil ichida esa chilangar vazifasida ishlab kelmoqda. “Yil davomida 1300 dan ortiq xonadondagi gaz jihozlariga o’z vaqtida xizmat ko’rsatib kelishga harakat qilaman. Mashaqqatli, mas’uliyatli ish, ammo kimningdir xavfsizligini ta’minlash – bu sharaf. Asli shofirkonlikman. Taqdir taqozosi bilan Gazliga kelib qolganmiz. To’g’ri olis, cho’l hududi. Yozda juda issiq, qishda esa juda sovuq. Nolimayman, chunki ishimni yaxshi ko’raman”, – deydi suhbat chog’ida Sanobar opa.
Darhaqiqat, bugun olis hudud iste’molchilarining gaz jihozlariga xizmat ko’rsatilishi barobarida, mavjud muammolar yuzaga kelsa ham chilangar opa tomonidan vaqtida bartaraf etilmoqda. Aholi minnatdor. “Hech qaysi erkakdan qolishmagan holda mehnat qiladi. Shaharchamizda bitta chilangar ayol. Har yili kelib gaz jihozimizni ko’rib, ta’mirlab, moylab ketadi. Juda samimiy, vaqtini hech birimizdan qizg’onmaydi”, – deya ta’kidladi fuqaro Rajabboy Eshniyozov. Quvonarlisi, bugun ularga ko’rsatilayotgan xizmat ham online dasturga kiritilib, to’lovlar mobil ilovalar orqali amalga oshirilmoqda.
Shubhasiz, “Mehnat insonni ulug’laydi” degan naql bugun Sanobar opa timsolida o’z tasdig’ini topmoqda.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati