Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Hunar – hunardan risqing unar. Xalqimiz orasida bot-bot takrorlanadigan ushbu hikmat zamirida olam ma’no bor. Ayni uning amali har bir xilqatga baraka, omad, muhimi esa farovon turmush beradi. Ba’zan o‘ylanib qolasan kishi, nahot inson o‘z hunari ortidan halol risq topib, oila va ro‘zg‘orini obod qilishi emas, balki qing‘ir yo‘l bilan yashash sharoitini tanlashi shunchalik oson bo‘lsa deb. Ammo “Qilmish - qidirmish” degarlaridek, hech bir inson qing‘ir ishi ortidan baraka ko‘rganicha yo‘q. Dang‘ara shaharchasi “Pishqaron” mahalla fuqarolar yig‘ini Nurli yo‘l ko‘chasida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkor K.Nga tegishli temirchilik sexi mas’ullari ham “donolarcha” harakati sabab o‘zining halol mehnati ortidan topiladigan risqini to‘sib qo‘ydi. Ular noqonuniy ravishda tabiiy gaz ta’minotidan foydalanishga urinmoqchi bo‘lishdi. Ammo...
Jamiyatning Kompleans nazorati boshqarmasi boshlig‘i D.Achilov tomonidan berilgan ko‘rsatmaga asosan 2022-yil 9-avgust kuni filialning “Yuridik shaxslarga tabiiy gazni yetkazib berishni nazorat qilish” va “Dang‘aratumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari bilan birga korxonaning tabiiy gazdan foydalanish holati qayta o‘rganilganida, yakka tartibdagi tadbirkor K.N.ning o‘zboshimchaligiga chek qo‘yildi.
Holatning asliga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, temirchilik sexi mas’ullari Prins-25/40 rusumli zavod raqami 6016761 elektron gaz hisoblash uskunasini o‘zboshimchalik bilan yechib olib, tabiiy gaz ta’minotidan noqonuniy ravishda foydalanib kelgan. Aytish joiz, 2019-yil 4-yanvar kuni “Tabiiy gaz yetkazib berish va qabul qilish to‘g‘risida”gi shartnoma tuzilgan bo‘lib, loyiha hujjatlari esa 2013-yilda 91/91-PX ramzi bilan Qo‘qon shahar Loyiha instituti tomonidan amalga oshirilgan. Temirchilik sexida 1 dona pech (Gorno) mavjud bo‘lib, 1 soatlik gaz sarfi 20,0 m3 ekanligi aniqlandi. Ta’kidlash lozim, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018-yil 12-yanvarda imzolangan “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 8-bobi 67-bandiga ko‘ra yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun plombalanmagan gazdan foydalanish asbob-uskunalarining bir sutkada to‘liq quvvat bilan 24 soat ishlashi hisobidan amalga oshiriladi. Berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmay kelgan tadbirkor bugun o‘z risqi va halol mehnatining unumdorligiga bolta urdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Olib borilgan tekshiruvlar davomida holat yuzasidan gaz sarfi qayta hisob-kitob qilindi hamda K.N tomonidan 28 800 m3 gaz sarfi ishlatilgan bo‘lib, 19 008 000 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Har bir tashkilot xodimi o‘z faoliyatini olib borishda e’tiborli bo‘lishi shart. E’tiborsizlik esa nafaqat uning mehnat faoliyatiga, balki jamiyatning taraqqiylashib borishida ham to‘siq bo‘lishi tabiiy. “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali “Dang‘aratumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining bosh muhandisi, Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha yetakchi muhandisi, Iste’molchilarga gaz jihozlariga servis xizmat ko‘rsatish xizmati boshlig‘i hamda Tabiiy gaz hisobining avtomatlashgan tizimini joriy etish xizmati texnigi lavozim yo‘riqnomasi doirasida yetarli ravishda ishni tashkil qilmaganligi hamda mas’uliyatsizligi sabab ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.
Inson to‘g‘rilik yo‘li sari qadam tashlasa uning mukofoti oliyligi bilan o‘lchanadi. Muhimi esa topiladigan risqi halol bo‘ladi. Temirchilik sexi egalarining bu qing‘ir ishi esa ana shu halol risqni topishda hamda baraka unumdorligiga to‘siq bo‘ldi.