Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Navoiy shahrida joylashgan“Nuroniylar maskani” binosining yig‘ilishlar zalida “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filialining “Aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlash, gaz xo‘jaligini 2023-2024 kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik ishlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, axborot va ommaviy kommunikatsiyalagar agentligi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Bahriddin Xudayarov, filial mutaxassislari, shuningdek, Respublika nashrlarining viloyatdagi muxbirlari, OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Otabek Aslonov so‘z olib, viloyatda gaz taʼminoti sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng filial rahbariyati tomonidan aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash borasida joriy yil davomidagi ko‘rsatkichlar aytib o‘tildi.
Jumladan, bugungi kunda viloyat bo‘yicha 102 548 ta aholi xonadonlari va 67 ta ijtimoiy soha obyektlari suyultirilgan gaz bilan taʼminlanib kelinmoqda.
Shunga ko‘ra, suyultirilgan gazdan foydalanuvchi aholi va ijtimoiy soha obyektlariga belgilangan reja-grafiklar asosida bir maromda va uzluksiz suyultirilgan gaz mahsulotlari 30-35 kun oralig‘ida yetkazib berilmoqda. Viloyat isteʼmolchilariga suyultirilgan gazni yetkazib berishda filial tasarrufida jami 31 dona avtotransport vositalari jalb qilingan bo‘lib, shundan ishlab chiqarish zavodlaridan suyultirilgan gazni tashib keltirishda 6 dona MAN rusumli hamda maishiy gaz ballonlarini aholi xonadonlariga yetkazishda 24 dona ISUZU, 1 dona SHAKMAN rusumli maxsus avtotransport vositalari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Bugungi kunda, viloyat bo‘yicha jami 100 021 dona maishiy gaz ballonlar soni mavjud bo‘lib, shundan 95 512 donasi ijara shartnomasi asosida istemolchilarga yetkazib berildi. 2023 yilning o‘tgan birinchi choragi davomida 358 dona maishiy gaz ballonlar ijara shartnomalari asosida yetkazib berildi.
Aholi xonadonlariga yetkazib beriladigan suyultirilgan gazni maishiy gaz ballonlariga to‘ldirib berish filial tasarrufidagi 4 dona GTSH (Gaz to‘ldirish shahobchasi) va 1 dona GTS (Gaz to‘ldirish stansiyasi) orqali amalga oshiriladi. Mazkur GTSH va GTS larning kunlik qabul qilish quvvati 450 tonnani, kunlik tarqatish quvvati esa 83 tonnani tashkil etadi.
Joriy yilning shu davriga qadar esa viloyat bo‘yicha 5675 tonnadan ortiqroq suyultirilgan gaz isteʼmolchilarga yetkazib berildi.Maishiy gaz ballonlarni sifatli va soz holatda ekanligi ham zaruriy shartlardan biri hisoblanib, shunga ko‘ra, maishiy gaz ballonlar filial tasarrufidagi 3 ta maishiy gaz ballonlarni sinash va taʼmirlash sexlari tomonidan texnik nazoratdan o‘tkazib kelinmoqda.
«Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filiali hamda shahar, tumangaz taʼminoti bo‘limlari tomonidan tabiiy gaz isteʼmolchilarini bir maromda tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, bunda gaz xo‘jaligini 2023-2024 yillar kuzgi-qishgi mavsumga tayyorlash tadbirlari ham muhim o‘rin tutadi. Matbuot anjumanida gaz quvurlari va gaz taqsimlash punktlarini mukammal taʼmirlash, ularni rekonstruksiya qilish va boshqalar soha xodimlari tomonidan sifatli hamda o‘z vaqtida bajarilishi belgilab olingani alohida taʼkidlandi.
Jumladan, joriy yil kuzgi-qishgi mavsumda Qiziltepa, Navbahor va Xatirchi tumanlaridan 2 donadan, jami 6 dona gaz taqsimlash punktlarini mukammal taʼmirlash rejalashtirilgan bo‘lib, Navbahor tumanida 1 dona gaz taqsimlash punkti mukammal taʼmirlandi. Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha 72,6 kilometr gaz quvurlarini bosim ostida zichlikka sinash va havo yordamida tozalash tadbirlari amalga oshiriladi. Hozirgi kunda viloyat bo‘yicha 43,1 kilometr gaz quvurlarida bosim ostida zichlikka sinash va havo yordamida tozalash tadbirlari bajarildi. Kuzgi-qishgi mavsumda 1619 dona gaz taqsimlash punktlarida taftish o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 529 tasida taftish o‘tkazish ishlari olib borildi.
Viloyat bo‘yicha 4 212, 2 kilometr gaz quvurlari mavjud. Kuzgi-qishgi mavsumga tayyorlash davomida 188,4 kilometr yer osti gaz quvurlarining holati VARIOTEK 480 EX pribor usuli bilan tekshiriladi. 170,7 kilometr gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga keltirilib, bo‘yoqlash ishlari amalga oshiriladi. 9,3 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya qilinsa, 1 kilometr gaz quvurlarida mukammal taʼmirlash ishlari bajariladi.
Aytish kerakki, kuzgi qishki tayyorgarlik ishlari davomida 39,3 kilometr yer osti gaz quvurlari pribor usuli bilan tekshirildi, 33,4 kilometr gaz quvurlarida estetik taʼmirlash ishlari olib borildi.
Viloyat bo‘yicha tabiiy gaz bilan gazlashgan hovli uylar soni 106,126 tani tashkil etadi. Shundan 95 555 ta xonadon 2 bosqichli gaz taʼminoti tizimiga o‘tkazilishi rejalashtirilganligi aytib o‘tildi.
Viloyatda 231 ta yuqori bosimli, 1 733 ta o‘rta bosimli gaz taqsimlash punktlari mavjud. Bugungi kungacha 1 649 ta GTPlar demontaj qilindi. Joriy yilda jami 518 ta GTPlar demontaj qilinishi rejalashtirilgan.
Eʼtiborlisi, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan bu kabi tadbirlar tabiiy gaz isteʼmolchilarini sifatli va uzluksiz gaz bilan taʼminlanishiga hissa qo‘shishi bilan ahamiyatlidir.
Matbuot anjumani so‘ngida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga gaz taʼminoti mutaxassislari tomonidan atroflicha javob berildi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati