Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
2022-yil 29-oktyabr soat 16:00 holatiga ko‘ra, 586 ta issiqxona xo‘jaliklari bilan shartnoma tuzilib, tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Bu boradagi ishlar jadallik bilan davom ettirilmoqda. 68 ta issiqxonada tayyorgarlik ishlari bo‘layotganligi sababli bugungi kunda gaz ta’minotiga ehtiyoji yo‘qligi bildirildi.
Issiqxona majmualarining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun “O‘zGazTreyd” AJ tomonidan “Hududgazta’minot” AJga “zangori” yoqilg‘i yetkazib berish hajmi oshirildi. “O‘zGazTreyd” AJ tomonidan joriy mavsumda issiqxona xo‘jaliklarining talabidan kelib chiqqan holda “Hududgazta’minot” AJga 500 million kub metr tabiiy gaz qo‘shimcha yetkazib beriladi.
“Hududgazta’minot” AJ tomonidan kuz-qish mavsumida tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida 244 ta ixtisoslashtirilgan avariya-dispetcherlik brigadalari tashkil etilib, malakali mutaxassislar, asbob-uskunalar va maxsus texnikalar safarbar etildi. Ishlarni tashkil etish uchun 29,6 kilometr turli diametrli gaz quvurlari, 2,8 ming dona butlovchi qismlar, 756 dona manometr, 7 tonna karbid, 2,2 tonna moylash materiallari ajratildi.
Ixtisoslashtirilgan “1104” raqami ostidagi “Call-markazi” va “104” raqamli vaziyatlar markazlari hamda Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash boshqarma va bo'lim xodimlari ish tartibi ham qayta ko‘rib chiqildi.
Fursatdan foydalanib, “Hududgazta’minot” AJ iste’molchilarni tabiiy gazdan oqilona foydalanishlarini, energiya tejamkor gaz jihozlarini ishlatishlarini so'raydi.