Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Maʼlumki, mamlakatimizda barcha isteʼmolchilar uchun zamonaviy “aqlli” gaz hisoblagichlarning o‘rnatilishi gaz isteʼmoli va hisobga olishni nazorati qilish imkonini bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Qolaversa, tabiiy gaz sarfini hisoblashning avtomatlashtirilgan bu tizimi aholi orasida isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun debitor qarzdorlikni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqib, viloyatimizning barcha hududlarida tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini amaliyotga tatbiq etish ishlari olib borildi.
Bugungi kungacha viloyatda 118 879 ta gaz hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lib, shundan 101 843 tasi hovli xonadonlari, 17 036 tasi ko‘p qavatli aholi turar joylariga o‘rnatilgan hamda billing tizimiga integratsiya qilingan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Respublika isteʼmolchilarini tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminlash tizimini samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 430- sonli qarori 2-bandiga asosan Navoiy, Zarafshon shaharlari va Konimex tumanida markazlashgan issiqlik tarmog‘iga ulangan hamda tabiiy gaz isteʼmoli yuqori bo‘lmagan ko‘p qavatli aholi turar joylarining kirish qismiga 4033 ta zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatilib, 44 719 ta xonadon qamrab olindi.
Bugungi kunda viloyat bo‘yicha jami 163 ming 598 ta aholi xonadonlariga tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi to‘liq joriy etilgan.
- Viloyatda 2022 yil 1 yanvar holatiga tabiiy gaz isteʼmolchilari soni 165 140 tani tashkil etsa, 2023 yilning 1 yanvar holatida esa tabiiy gaz isteʼmolchilari soni 167 252 taga yetdi, - deydi «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filiali jismoniy shaxslarga tabiiy gazni yetkazib berish va nazorat qilish bo‘limi bo‘limi boshlig‘i Nurbek Ismoilov. – Bu esa aholini tabiiy gaz bilan taʼminlashda yana o‘sish bo‘lgani, xususan, yana 2 112 ta isteʼmolchi tabiiy gaz bilan taʼminlanganini ko‘rsatadi. Taʼkidlash kerakki, hisobning avtomatlashtirilgan tizimi to‘liq joriy etilishi gaz taʼminoti tizimida muammo bo‘lib kelayotgan tabiiy gaz tarmog‘idan noqonuniy foydalanish, gaz qurilmalariga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartishlar kiritish, to‘lovlardan qochish, taʼminot barqarorligining buzilishi kabi noxush jihatlarni oldini olishda qo‘l kelmoqda.
Aytish kerakki, “aqlli” hisoblagichlarda isteʼmolchi avvalgidek qarzdorlik muddatini cho‘zib yurish imkoniga ega bo‘lmaydi. Bu esa isteʼmolchilar tomonidan qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lanishi va fuqarolarda masʼuliyat yana-da oshishiga hissa qo‘shmoqda. Bundan tashqari, «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filialida tabiiy gaz isteʼmolchilariga qulaylik yaratish maqsadida “Ishonch telefonlari” ham tashkil etilgan bo‘lib, ushbu “Ishonch telefonlari” orqali isteʼmolchilar tabiiy gaz bo‘yicha haqdorlik-qarzdorlik masalalariga oid savollariga javob olishlari yo‘lga qo‘yilgan. Namunali isteʼmolchilarning o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirishi natijasida tabiiy gazdan qarzdorlik ko‘rsatkichi o‘tgan yillarga nisbatan birmuncha kamayishiga erishiladi. Bunga erishish esa har bir fuqaroning to‘lov intizomiga to‘liq rioya etishini taqozo etadi.
«Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati