Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Navoiy viloyatida 268 ming 908 ta isteʼmolchilar mavjud bo‘lib, shundan 167 252 tasi tabiiy gaz, 101 656 tasi suyultirilgan gaz isteʼmolchilari hisoblanadi. “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali hamda shahar va tumangaz gaz taʼminoti bo‘limlari tomonidan ko‘p qavatli uylar, hovli xonadonlarida is gazidan zaharlanish, havo gaz aralashmasi chaqnashi kabi hodisalar oldini olish maqsadida muntazam targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, viloyat miqyosida 74 ta o‘quv va 58 ta davolash profilaktika muassasalari hamda boshqa ijtimoiy obyektlarda targ‘ibotlar o‘tkazilib, 25 584 ta eslatmalar tarqatilishi taʼminlandi. Shuningdek, joylarda mavzuga oid 242 ta davra suhbatlari va seminarlar tashkil etildi. Mazkur targ‘ibot tadbirlari Xatirchi tumanida ham uyushqoqlik bilan bo‘lib o‘tmoqda.
- Joriy yilning o‘tgan ikki davomida 20 ta o‘quv muassasalari va davolash maskanlarida, shuningdek, boshqa ijtimoiy obyektlarda is gazidan zaharlanishga qarshi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda targ‘ibot tadbirlarini olib bordik, - deydi “Xatirchitumangaz” gaz taʼminoti bo‘limi mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha yetakchi muhandisi Sodiqjon Ochilov.- Tumanda 13 739 ta tabiiy gaz isteʼmolchisi mavjud. Targ‘ibot tadbirlarimizda aholi xonadonlari, maktab, mahalla, maktabgacha taʼlim muassasalari keng qamrab olindi. Tungi targ‘ibotlar ham yo‘lga qo‘yilib, aholiga gazdan xavfsiz foydalanish qoidalari o‘qib eshittirildi. Tuman hududida mazkur turdagi targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Maʼlumot o‘rnida keltirish joiz, targ‘ibot mobaynida tumanda tabiiy gaz bo‘yicha 435 ta kamchilikka yo‘l qo‘yilgan holatlar aniqlanib, shundan 304 tasi bartaraf etilishiga erishildi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati