Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filialida Servis xizmatini rivojlantirish bo‘limlari xodimlari uchun “Ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirishga qaratilgan ma'naviy-ahloqiy va mantiqiy fikrlashni yuksaltirish” mavzusida o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
“Hududgaz Konsalting” MChJ tomonidan tashkillashtirilgan ushbu seminarda soha xodimlari “Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar” instituti direktor o‘rinbosari, Falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori Munira Kahharova hamda mazkur institut bosh ilmiy xodimi, sotsiologiya fanlari doktori Mavlyuda G’afforovalardan mavzuga oid ko‘plab yangilik va bilimlarga ega bo‘ldilar.
“Iste'molchilar bilan doimiy aloqada bo‘lganimiz uchun, bugungi mavzular orqali ko‘p narsalarni o‘rgandik, - deydi “Andijonshahargaz” gaz ta'minoti bo‘limining gaz uskunalarini ishlatish va ta'mirlash chilangari G‘olibjon Rasulov. - Haqiqatan ham, ish davomida muammoli vaziyatlar ko‘p duch kelamiz, bugun ana shunday vaziyatlardan qanday chiqib ketish, umuman, iste'molchi bilan qanday muloqot olib borilsa, hech qanday muammoli vaziyat yuzaga kelmasligi bo‘yicha suhbatlashdik. Mashg‘ulotlarda olgan bilimlarimiz albatta biz uchun foyda berishiga ishonchim komil..”
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar ijtimoiy-ma’naviy muammolar va ularning yechimi, jamoaviy madaniyatni shakllan¬tirish vositalari, tashqi ko‘rinish inson ko‘rki, munosabatga kirishdagi o‘zaro muloqot etikasi, insonning ma’naviy dunyosi hamda kelajakni prognozlash (forsayt)da mantiqiy fikrlash orqali natija¬dorlikka erishish kabi mavzularda qiziqarli ma'ruzalar tingladilar. Shuningdek, interfaol usullardan foydalangan holda olingan bilim va ko‘nikmalar yanada mustahkamlandi.
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati