Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
"Hududgazta'minot" AJ tabiiy gaz uchun o‘zaro hisob-kitoblarni aniqlashtirish bo‘yicha fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun shtab tashkil etdi
“Hududgazta'minot” AJda, gaz hisoblash uskunalarining eski namunalarini ishlatuvchi iste'molchilar tomonidan sarflangan tabiiy gazni hisobga olish, nazorat qilish va to‘lash bilan bog‘liq murojaatlar bilan ishlash bo'yicha shtab tashkil etildi.
Markazlashtirilgan ishchi guruhni tuzishdan asosiy maqsad - mamlakatning eng chekka burchaklaridan kelgan fuqarolarning har bir murojaati yoki shikoyatiga zudlik bilan javob berish, yetkazib beruvchi va iste'molchi o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarning ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash, shuningdek, gaz ta'minoti tizimidagi korrupsiyani bartaraf etish va oldini olishdir.
Markazlashtirilgan shtab o‘zaro hisob-kitoblarni real vaqtda tahlil qilish, to‘lovlarni va tabiiy gazni iste'mol qilish hajmlarini solishtirish, xatolarni topish va kamchiliklarni amaldagi qonunchilikka muvofiq tuzatishga imkon beradigan barcha zarur uskunalar va dasturiy ta'minot bilan ta'minlangan.
Hozirda mazkur shtabda 10 nafar malakali mutaxassis faoliyat olib borib, ular bilan bevosita “1104” qisqa raqam, 71 281-15-67 (310) raqamiga qo‘ng‘iroq qilib yoki Telegramdagi "Hududgazta'minot AJ ishchi guruhiga murojaat " guruhi orqali bog‘lanish mumkin (https://t.me/gaz_hisob_kitob).
Ta'kidlash joizki, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha markazlashtirilgan shtab o‘z samarasini ko‘rsatdi. Kun davomida bu yerda mamlakatimizning barcha hududlaridan tabiiy gaz bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblar bilan bog‘liq 100 dan ortiq murojaatlar qabul qilinmoqda. O‘tgan 10 kun davomida mingga yaqin murojaatlar ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati iste'molchilar foydasiga hal etildi. Ayni paytda aholi bilan o‘zaro hisob-kitoblar tizimini tuzatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Fursatdan foydalanib, "Hududgazta'minot" AJ iste'molchilardan o‘zaro hisob-kitobdagi muammolar yuzasidan yuqoridagi aloqa raqamlari va guruhga bog‘lanishlarini iltimos qilib, tizimdagi ko‘rsatkichlar va xatolarni tuzatish bo‘yicha gaz ta'minoti tashkilotlarining sobiq xodimlari yoki shubhali shaxslar bilan kelishuvga bormasliklarini so‘raydi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, zamonaviy texnologiyalar va dasturiy ta'minot tabiiy gaz uchun qarzlarni o‘zgartirish bo‘yicha noqonuniy harakatlarni aniqlashga imkon beradi. Bunday huquqbuzarliklar esa aniqlanib, axborot huquqiy choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshiriladi.