Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Shifo buloq” mahallasi Boysun tumanining tog‘li hududlarida joylashgan. Mahallaning to‘rt tomoni tog‘lar va adirliklar bilan tutashib ketgan qishloq bejiz "Shifo buloq", deb nomlanmagan. Ko‘rsatuvni tasvirga olish davomida yo‘l-yo‘lakay qishloq fuqarolari bilan suhbat jarayonlarida o‘zlari aytib qolishdi. Qishloqning boshlanishida buloq bor ekan, buloq suvi teri kasalliklariga davo ekan. 70 yoshga kirgan Bobomurodova Bibisora momo bilan ishlayotgan ayollar va qishloq hayotida insonlar oqibatini ko‘rgan momo bilan suhbatda bo‘ldik.
Bibisora momo bu qishloqqa tuman markazidan kelin bo‘lib tushgan. Kelinligining ilk kunlarida qishloqdagi ko‘p holat unga o‘zgacha bo‘lib ko‘ringan. Xonadonlar o‘rtasida devor yo‘qligi, ayollarning mehnatkashligi, qo‘ni-qo‘shnining bir-biriga oqibati uni hayratda qoldirgan. Hozir esa u o‘zini shu qishloqning bir bo‘lagi, deb hisoblaydi. Erta tongda sigir sog‘ishdan boshlangan kun, xamir qorish, non yopish, yaqinlariga taom tayyorlash va xonadondagi ko‘plab ishlar bilan oxirlaganini ham bilmay qoladi.
- Bundan besh-olti yil ilgari ayol kishi bo‘lsamda, eshaklarga minib tog‘larga chiqib, soylarga tushib o‘tin terardim. Katta-katta yantoqlar chopib, qo‘llarim qavarib ketardi. Bazi vaqtlar qo‘llarim jarohat olib uyga qaytganda farzandlarimga ovqat tayyorlashga erinar edim. To‘g‘risi, suyultirilgan gaz qishog‘imizga keladi, deb umuman o‘ylamgan edim. Xayolimizga ham kelmagan edi. Muhtaram yurtboshimizga ming rahmat gaz keldi, hayotimiz umuman o‘zgardi. Tog‘dan tushib charchab kelaman, issiq choyim, ovqatim tayyor. Gaz degani jonning rohati ekan.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati