Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Jazirama yoz ortda qolib kuz kelishi bilan barcha qish g‘amini yeyish lozimligi to‘g‘risida o‘ylay boshlaydi. Ayniqsa, isitish qozoni uyini o‘tgan qishda ko‘ngildagidek qizdirmagan yurtdoshlarimiz yangi isitish qozoni o‘rnatish payiga tushishlari shubhasiz. Ular katta sarf-xarajat va mehnat talab qiladigan bu ishni boshlashdan oldin soha mutaxassisi bilan maslahatlashsalar foydadan holi bo‘lmaydi.
Agar isitish qozoni o‘rnatilganidan keyin tabiiy gaz baland yonib (ko‘pincha tez natijani bilish uchun) nazorat qilinganda isitish tizimining barcha joylari bir xilda isisa, demak, bu yerda muammo isitish tizimi yoki qozonida emas, balki samaradorligi past qo‘lbola gorelkada. Chunki, hech bir xonadonda gaz gorelkasi krani doimo to‘la ochiq qo‘yilmaydi. Bu havfsizlik va tejamkorlik nuqtai nazaridan o‘ta noqulay. Gorelka bosimi pasaytirilganda uning samarasi past ekanligi yaqqol bilinib qoladi: uy yaxshi isimaydi.
Qozondagi olov sarg‘ish tusda ekanligi ham gazning to‘la yonmay isrof bo‘layotganligining, oila byudjetiga ziyon yetkazayotganligining belgisidir. Agar gaz to‘liq yonmasa hayot uchun havfli is gazi ajralib insonlarni zaharlashi ham mumkin.
Shuning uchun, biz yurtdoshlarimizga isitish va suv isitish qozonlariga zamonaviy energiya tejamkor gaz gorelkalarini o‘rnatishni tavsiya qilamiz. Ularning samaradorligi qo‘lbola gorelkalarga nisbatan 40-50 foyiz yuqori. Buni oddiy tilda aytadigan bo‘lsak, uyni isitish uchun gaz, va qolaversa, mablag‘ ikki hissa kam sarflanadi.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati