Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bolajonlar... Ular bizning chin ma'nodagi baxt-u, quvochimiz egalari bo'lib, ularning shodligi butun olam shodligiga tengdir. Tiniq nigohini sizga qadagancha biyron tilida tinmay savol berayotgan murg’ak qalbi bilan olamdagi jamiki ajoyibotlarni o’rganishga, mushohada qilishga urinayotgan bolakayning nurli chehrasiga boqqan har qanday inson hayot tashvishlarini unutadi. Bolajonlarning samimiy kulgusi va quvonchi esa umidsiz qalblarga umid, maqsadsiz insonlarga esa oldinga intilish uchun kuchli xohishni uyg'otadi. Bolaning kulgusi butun jahonga quvonch taratadi. Shu ma'noda, 1-iyun Xalqaro bolalar kuniga bag'ishlab yurtimiz bo'ylab, har yili turli xil tadbirlar o'tkazib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri "Hudugaz Namangan" gaz ta'minoti filiali boshlang'ich kasaba uyushmasi tomonidan soha xodimlarining farzandlari uchun tashkil etildi.
Bolajonlar uchun Namangan shahar Alisher Navoiy nomidagi konsert zalida "Dangasa Soqi sarguzashtlari" nomli teatrlashtirilgan shou dasturi namoyish etildi.
Bayram dasturini bolalar maroq ila tomosha qilishdi. Bir-biridan qiziq ertak qahramonlari ularning kayfiyatini ko'tardi.
Dastur davomida, bolajonlar uchun sho'x kuy-qo'shiqlar taqdim etildi. Ularning o'zgacha xursandchiligi esa dillarga quvonch bag'ishladi. Albatta, bolalar o’z tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga bo’lgan qiziqishni uyg’otadilar. Ko’zlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirg’och misolidir go'yo...
Darhaqiqat, dunyoda bolajonlar kulgusi-yu, sho’x-shodon ovozidan bo'lak beg’ubor narsaning o’zi yo’q. Zotan, farzandining saodatli va baxtiyor damlarini mudom ko’rib yashash har bir inson umrining asosiy mazmunidir.
"Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati