Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Yangi “aqlli” hisoblagichlarni bosqichma-bosqich o'rnatish va ularni “Tabiiy gaz nazorati va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi”ga integratsiya qilish munosabati bilan gaz ta'minoti korxonasi va iste'molchi o'rtasidagi o'zaro hisob-kitoblar onlayn tizimga o'tkazildi. Bundan tashqari, ishlatilgan tabiiy gaz uchun oldindan to'lov tizimi joriy etildi, bu esa iste'mol qilinadigan tabiiy gaz uchun qarz bo‘lish va noto'g'ri hisob-kitoblarni oldini oladi.
Ayni paytda O'zbekistondagi barcha hovli uylarga yangi smart-hisoblagichlar o'rnatib bo‘lindi, ko'p qavatli uylardagi xonadonlarga o‘rnatish ishlari esa tez orada yakuniga yetadi. Aytish kerakki, iste'mol qilingan tabiiy gaz ko‘rsatkichlarini uzatilishi hisobdonlar tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi va abonentlar o'z vaqtida to'lovlarni amalga oshiradilar. Bu esa gaz ta'minoti korxonasi va iste'molchi o'rtasidagi o'zaro hisob-kitoblarda kechiktirilgan to'lovlar uchun "penya hisoblash" kabi tushunchalar yo'qolishiga olib keladi.
Biroq, oxirgi vaqtlarda "Hududgazta'minot" AJga iste'molchilardan ko'chmas mulkni sotish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish davrida gaz uchun to'lovlarni kechiktirilgani sababli penya hisoblash va majburiy to'lash bilan bog'liq shikoyatlar kelib tusha boshladi.
"Hududgazta'minot" AJ o‘z iste'molchilarini kechiktirilgan to‘lovlar uchun majburiy tarzda penya undirishning noqonuniyligi to‘g‘risida xabardor qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi va abonentlardan 1104 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib yoki "Facebook" ijtimoiy tarmog'idagi "Gaz ta'minoti muammolari va ularni hal etish yo‘llari" guruhiga o‘z huquqlari buzilganligi to‘g‘risida xabar berishlarini so‘rab qoladi.