Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish bilan bir qatorda gaz jihozlariga sifatli xizmat ko‘rsatish ham bugun ta’minot xodimlarining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Jarayonlar davomida gaz jihozlari vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi, qilingan amaliy ishlar esa onlayn dasturga kiritilmoqda.
Bugun viloyat bo‘yicha uy ichi gaz jihozlariga xizmat ko‘rsatishda 100 dan ortiq chilangar faoliyat olib bormoqda. Belgilangan rejaga asosan har bir xonadon yoki ulgurji iste’molchilariga tegishli bo‘lgan jihozlar texnik, profilaktik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Iste’molchiga bu borada qulaylik yaratish maqsadida chilangar tomonidan amaliy ishlar onlayn dasturga kiritilmoqda. Xususan, “Kogongaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari ham bunday imkoniyatdan samarali foydalanib kelmoqda.
Kogon shahrining “Ziyokor” mahallasida 560 ta xonadon bo‘lib, ularning gaz jihozlari belgilangan vaqtda texnik nazoratdan o’tkazildi, dasturga kiritildi. “Har bir gaz jihozimiz texnik nazorat qilinadi. Xavfsizligimiz ta’minlangan, muhimi, muammolar yuzaga kelsa o‘z vaqtida bartaraf etishadi. To‘lovlar esa onlayn amalga oshiriladi. Bu kabi yangilanishlar yaxshigina qulaylik bo‘ldi”, – deydi ziyokorlik Mahfuza Olimova.
Joriy yil davomida gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan 6 mingga yaqin aholi xonadonlarining gaz jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatildi hamda onlayn dasturga kiritildi.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati