Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatida boshqaruv raisi B.Eshmuratovning gaz ta’minoti sohasi uchun gazni nazorat qilish uskunalari, hisobga olish jihozlari va dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqaruvchi hamda ularni yetkazib beruvchi Italiya kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Italiyalik hamkorlar tomonidan “TAMM Software Group” rahbari Franko Adami, “TAMM Software Group” ekspertlari Elena Brikka va Marchello Fusko, “Pietro Fiorentini S.p.A” kompaniyasining xalqaro direktori Mauro Broliato va “Pietro Fiorentini Uzbekistan” direktori Larisa Toshxo'jaevalar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda gaz taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish, “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari uchun bu borada mavzu va muddatlarini belgilagan holda o‘quv seminarlarini tashkil etish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Muloqotda “Hududgazta’minot” AJ rahbariyati “ Tabiiy gaz nazorati va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” (ASKUG) loyihasi doirasida Italiya kompaniyalari bilan samarali hamkorlik olib borilayotganini ta’kidladi. Loyihaning bugungi kundagi natijalari e’lon qilinib, uni mantiqiy yakuniga doir dolzarb masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv davomida italiyalik hamkorlar tadbir ishtirokchilarini ASKUG loyihasi uchun mo‘ljallangan TAMM tizimini kengaytirish imkoniyatlari bilan tanishtirdilar. Alohida ta'kidlash joizki, ushbu dastur “aqlli” hisoblagich va hisob-kitob tizimi o'rtasidagi muhim zanjir hisoblanib, gaz hisoblagichida yuzaga keladigan barcha harakatlarni o‘zida aks ettiradi va uni mexanik aralashuvsiz boshqaradi.
Shuningdek, Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi “Toshissiqquvati” DUKga qarashli 3-issiqlik manbai va unga tutash hudud iste’molchilarini, ayniqsa, aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashda zarur bosimni ta’minlash muammosini hal etish masalalari ham muhokama qilindi. Yakunda tomonlarning mazkur ob'ektga tashrif tashkil etildi. Tashrif davomida “Pietro Fiorentini S.p.A.” kompaniyasi vakillari tomonidan “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va mutaxassislari bilan birgalikda uchastkada o‘rganish ishlari olib borildi va kelgusida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib olindi.