Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali tomonidan har bir murojaat oʻz vaqtida oʻrganilib, amaliy jihatdan hal etilishiga erishilmoqda. Taʼkidlash lozim, murojaatlar virtual qabulxona, ishonch telefonlari orqali, shuningdek, yozma va ogʻzaki qabul qilinadi. 24 soat davomida faoliyat olib borayotgan 104 dispetcherlik xizmati va 1104 call-markazi operatorlariga kelib tushayotgan murojaatlarning ham bartaraf etilish choralari koʻrilmoqda.
Raqamlarga yondashadigan boʻlsak, bugunga qadar 1104 call-markaz operatorlari tomonidan 20 mingga yaqin murojaat qabul qilingan. Ular asosan qarzdorlik toʻlovi kech toʻlanganligi uchun avtomatik tarzda oʻchib qolgan hisoblagichni qayta yoqish, aloqaga chiqmay qolgan hisoblagichlarni qayta aloqaga chiqarish mazmunida boʻlib, shu bilan birga, uy ichi gaz jihozlarida yuzaga kelgan texnik nosozlik va ularga profilaktik xizmat koʻrsatish masalalari toʻgʻrisida ham muammolar kelib tushgan. Qilingan 20 mingga yaqin murojaatlarning 16 mingdan ortigʻi ijobiy jihatdan hal etildi, qolgan 3 mingga yaqini yuzasidan esa tushuntirish berilgan.
“Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali eslatib oʻtadi:
Hurmatli isteʼmolchilar, tabiiy gaz bilan bogʻliq boʻlgan, jumladan, gaz bosimining pasayishi, tabiiy gazni hisob-kitob masalalari hamda maishiy gaz ballon ajratish, suyultirilgan gaz boʻyicha barcha murojaatlaringizni gaz taʼminoti filialining 1104 call-markazi orqali qoldirishingiz mumkin. Shuningdek, joylarda gaz sizib chiqish holatlari aniqlansa shahar va tuman gaz taʼminoti boʻlimlarining 104 dispetcherlik xizmatiga murojaat qiling! Har bir murojaatingiz zudlik bilan oʻrganiladi va bartaraf etish choralari koʻriladi.
“Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati