Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Iste’molchiga sharoit yaratish, undan to’g’ri foydalanishi uchun imkon berish bugun barcha sohalarda o’z aksini ko’rsatmoqda. Jumladan, gaz ta’minotida ham. Tabiiy yoki suyultirilgan gaz iste’molchisi bo’ladimi, barchasiga birday qulaylik yaratilmoqda, quvonarlisi, to’lovni amalga oshirish online tizimga o’tkazilmoqda.
Ma’lumki, davlat rahbarining “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan joylarda tabiiy gaz iste’molchilari xonadonida zamonaviy hisoblagichlar o’rnatib kelinmoqda. Xususan, Buxoro viloyatida ham. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan tizimli ishlar aholiga qulaylik yaratish, to’lov bilan bog’liq mavjud muammolarning oldini olish, muhimi, turli korrupsion holatlarning bartaraf etilishi uchun ham xizmat qilmoqda.
Raqamlarga yondashadigan bo’lsak, bugunga qadar Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi tabiiy gaz iste’molchilarining 250 mingga yaqin xonadonida “aqlli” hisoblagichlar o’rnatildi. Jarayonlar Kogon, Peshku, G’ijduvon, Buxoro, Jondor, Olot va Qorovulbozor tumanlarida belgilangan rejaga muvofiq ortig’i bilan bajarildi. Shubhasiz, amaliy ishlar barobarida tabiiy gaz iste’molchilarining esa to’lov madaniyati shakllanmoqda, o’z vaqtida qarzdorlikning bartaraf etilishiga erishilmoqda.
G’ijduvon tumani “G’ovshun” mahalla fuqarolar yig’inida istiqomat qiluvchi Gulnoz Ubaydullayeva yangi hisoblagichning imkoniyatlarini alohida tilga olar ekan: “Quvonarlisi, navbatlarda turish yo’q, qarzdorlik to’g’risidagi xabarga qarab, o’z vaqtida to’lab boryapmiz. Agar o’chib qolsa call markaz operatorlarining ko’magi bilan yoqish imkoniyati ham berilgan. Juda minnatdormiz”, – deydi to’lqinlanib.
Darhaqiqat, har bir iste’molchi imkoniyatdan samarali foydalansa shubhasiz, muammolarning oldini olinishida ham o’z hissasini qo’shgan bo’ladi. Muhimi esa, hisoblagichga tashqi zarar yetkazmay, undan o’zboshimchalik bilan foydalanmaslik talab etiladi.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati