Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish maqsadida jarayonlar samaradorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har bir hududning maishiy gaz balloni iste’molchilari o’z vaqtida gaz ballonlari bilan ta’minlanmoqda. Jumladan, Shofirkon tumanida yashovchi 19127 nafar maishiy gaz balloni iste’molchilari ham.
Bugun tumanda jami 37 ta mahalla fuqarolar yig’inida istiqomat qiluvchi aholi gaz balloni bilan ta’minlanadi. O’tgan oy davomida 12355 nafar iste’molchiga 247,1 tonna gaz yetkazib berilgan bo’lsa, yil boshidan esa 1713,2 tonna suyultirilgan gaz tarqatilgan.
“Vobkent” gaz to’ldirish shoxobchasi orqali tuman aholisi uchun kuniga 500 ta gaz ballonlari to’ldirilib, vaqtida, rejaga muvofiq “Shofirkontumangaz” gaz ta’minoti bo’limining 5 nafar chilangarlari tomonidan fuqarolarga xizmat ko’rsatib kelinmoqda.
“Gaz ballonlari vaqtida tarqatiladi. Hududimizda yangi iste’molchilar soni 10 tadan oshdi. Ularga ham birdek gaz ballonlari berilmoqda. Quvonarlisi, fuqarolar to’lovni maxsus kartalar orqali to’lab, ballonlarini olishmoqda”, – deydi “Iskogari”da istiqomat qiluvchi fuqaro Doston Halimov. Ta’kidlash lozim, tumanda joriy yilning dastlabgi oyidan boshlab maishiy gaz balloni iste’molchilari soni 203 nafarga oshdi. Ularga gaz ta’minoti filiali tomonidan yangi gaz ballonlari tarqatildi hamda maxsus kartalar orqali to’lovni amalga oshirib borilishi to’g’risida tushuntirishlar berildi.
Amaliy jarayonlar davomida soha xodimlari har bir iste’molchiga gaz ballonlaridan to’g’ri va xavfsiz foydalanish lozimligi borasida ko’rsatma-yo’riqnomalarni berib o’tishmoqda.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati