Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Viloyat hokimligi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksionerlik jamiyati Namangan hududiy filiali hamda “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali hamkorligida uyushtirilgan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar Qamchiq dovonida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Tadbirda viloyat FVB boshlig‘i general-mayor Qosimali Ahmedov, Pop tumani hokimi A’zamjon Sultonov, viloyat hokimi matbuot kotibi Farxodjon Mamadaliyev hamda hamkor tashkilotlar mutasaddilari qatnashdilar.
Ta’kidlash joiz, qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish, ko‘ngilsiz hodisalar ro‘y berganda ularni bartaraf etish bo‘yicha “Qamchiq” dovoni hududida maxsus shtab tuzilgan. Ushbu shtabda yo‘lovchilarning xavfsiz va uzluksiz harakatini ta’minlash uchun mas’ul xizmatlarning tezkor navbatchi (navbatchi-dispetcher)ligi yo‘lga qo‘yilgan.
Ilk manzil Qamchiq dovonida dala sharoitida tashkil etilgan chodirlar bo‘ldi. Bu yerda favqulodda vaziyatlarda fuqarolar uchun mahsus turar joylar, oziq-ovqat omborlari, isinish va ruxiy ko‘mak hamda onalar va bolalar xonalari tashkil etilgan bo‘lib, tegishli mutasaddilar tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan.
Press tur ishtirokchilari tog‘li hudud aholisiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoni bilan ham tanishdilar.
Tog‘ bag‘rida joylashgan "Qo‘shminor" mahallasida 189 nafar suyultirilgan gaz iste’molchisi bo‘lib, ulardagi maishiy gaz ballonlar soni jami 380 dona, shundan 214 tasi "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filialining "Pop gaz" tuman gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan vaqtincha foydalanib turish uchun shartnoma asosida berilgan. Maishiy gaz ballon bilan ta’minlanganlik darajasi 201 foizni tashkil qiladi. Birgina, o‘tgan dam olish kuni tog‘li hududdagi 250 ta xonadonga 2,4 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati