Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Mamlakatimizda isteʼmolchilarning elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishining elektron tizimga oʼtkazilgani energiya resurslarini tejash va ularni noqonuniy sarflashning oldini olishga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatli boʼlmoqda. Biroq ayrim isteʼmolchilar xonadonidagi zamonaviy gaz hisoblagichni tarmoqdan uzib, rezina shlang orqali foydalanayotganida siri fosh boʼlib qolmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, «aqlli» gaz hisoblagich oʼrnatilsa, tabiiy gazning ortiqcha sarflanishiga chek qoʼyiladi. Isteʼmolchida qarzdorlik boʼlmaydi. Buning boisi, zamonaviy hisoblagichda alohida sim karta oʼrnatilgan boʼlib, isteʼmolchi hisob raqamida toʼlov mablagʼi kam qolganda uning qoʼl telefoniga ogohlantiruvchi xabar keladi. Toʼlov amalga oshirilmagach, tizim avtomat tarzda oʼchadi. Qarzdor isteʼmolchining hisoblagichi faqat ish kunlari oʼchiriladi. Haroratga qarab gaz oʼtkazadi. Oʼn yilda bir marta qiyoslov koʼrigidan oʼtkaziladi.
Аfsuski, ayrim isteʼmolchilar «aqlli» gaz hisoblagichdan ham «aqlliroq» ekanini koʼrsatmoqchi boʼlib, oʼzboshimchalik bilan gaz hisoblagichni yechib olib, qoʼl bola rezina shlanglar orqali «zangori olovdan» foydalanishga urinmoqda.
Jumladan, Jizzax shaxri, Turon mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro xonadoniga oʼrnatilgan gaz hisoblagichni oʼzboshimchalik bilan yechib olib tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
Bu holat turli koʼngilsiz hodisalarni keltirib chiqarayotgani achinarlidir. Bilasizmi, tarmoqqa noqonuniy ulanish qanday yuz beryapti? Koʼpincha tabiiy gaz toʼlovidan qarzi boʼlgan isteʼmolchi yangi «aqlli» hisoblagichni gazdan uzib, rezina shlang bilan noqonuniy tarmoqqa ulanishni hayoliga keltirmoqda. Bu ishni amalga oshirgach, rezina shlangdan gaz sizib chiqishi kuzatilmoqda. Аyrim hollarda xonadonda gaz portlashlariga ham sabab boʼlmoqda. Holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, honadon vaqtinchalik tabiiy gaz tarmogʼidan uzilgan.
"Hududgaz Jizzax" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati