Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Gaz xo‘jaligidagi xavfsizlik borasida xukumatimiz tomonidan qabul qilingan qaror va farmonlarning zamirida aholi farovonligini oshirish va favqulodda holatlarning oldini olishdek ulkan maqsadlar mujassam.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvarda qabul qilingan “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22-sonli qaroriga ko‘ra, gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan tasdiqlagan jadvallar va tariflar bo‘yicha iste’molchilarning ichki gaz tarmoqlari va “zangori olov”dan foydalanish uskunalariga profilaktik xizmat ko‘rsatiladi. Bunda, ko‘p qavatli turar joylardagi gaz plitalar, boshqa gaz uskunalari mavjud bo‘lmaganda - ikki yilda bir marta, turar joylardagi gaz plitalari, isitish, suv isitish uskunalari - yilda bir marta va har bir isitish mavsumi boshlanishidan avval mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazish majburiy qilib belgilab qo‘yilgan. Bu gaz tarmoqlarida uchraydigan turli avariyalar va ko‘ngilsiz talofatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Ayni kunlarda Surxondaryo viloyatining barcha tumanlarida tasdiqlagan jadvallar va tariflar bo‘yicha iste’molchilarning ichki gaz tarmoqlari va “zangori olov”dan foydalanish uskunalariga profilaktik xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
“Jarqo‘rg‘ontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining 11 nafar chilangarlari o‘zlariga biriktirilgan hududlarda kunida o‘rtacha 5-6 ta xonadonlardagi iste’molchilarning gaz uskunalarini ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Aprel oyining 22-sanasiga qadar tumanda 1800 ta xonadonlardagi gaz uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatildi, - deydi Farxot Xudaynazarov “Jarqo‘rg‘ontumangaz” gaz ta’minoti bo'limi mutaxassisi joylardagi xonadonlarda bo‘lganida, ayrim iste’molchilar tomonidan “mening gaz uskunam soz, yoki yangi gaz plita sotib olganmiz, texnik xizmatga xojat yo‘q, buzilsa o‘zim tuzatib olaman” degan vajlar bilan uyga kiritmaslik holatlari tez-tez uchrab turibdi. Shu o‘rinda fuqarolarimizga murojaat qilib shuni aytmoqchimanki, ko‘rsatayotgan xizmatimizdan asosiy maqsad fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashdir. Tabiiy gazdan to‘g‘ri va oqilona foydalanish iste’molchining mushkulini oson bo‘lishiga xizmat qiladi. “Zangori olov”dan to‘g‘ri foydalanishda gaz uskunalari, jo‘mraklarning sozligi muhim ahamiyat kasb etadi. Aks holda, gaz sizib chiqish va boshqa omillar tufayli inson hayoti xavf ostida qolishi mumkin.
"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati