Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugungi kunda iste’molchilarga sifatli xizmat ko’rsatish yo’lida kun-u tun faoliyat yuritayotgan soha xodimlarining mehnati taxsinga sazovordir. Poytaxtimiz aholisiga bir me’yorda tabiiy gaz yetkazib berish yo’lida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Yunusobod tumanidagi “Registon” “Bobodehqon” mahallalaridagi gaz quvurlari uch bosqichli tizimdan, ikki bosqichliga o’tkazildi. Natijada, 1 300 dan ortiq iste’molchilar xonadonida gaz bosimi me’yorlashdi. O’tgan mavsumda aniqlangan kamchiliklar ijrosi ta’minlandi. Har bir qilinayotgan amaliy ish zamirida inson manfaati yotadi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-sentabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Respublikamizning barcha hududlarida elektron hisobdonlar aholi xonadonlariga bepul o’rnatib berilmoqda.
Bilamizki, kuz-qish mavsumida ayniqsa yerli aholi xonadonlarida tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojning ortishi barobarida, shubhasiz, tabiiy gazdan tejamkorlik bilan foydalanishga ham isteʼmolchilar tarafidan qiziqish paydo bo’ladi.
Mazkur yoʻnalish boʻyicha “Yunusobodtumangaz” gaz taʼminoti bo’limi mutaxassislari xonadonlardagi eski gaz gorelkasini avtomatlashtirilgan zamonaviy turiga almashtirib, 30-40 foizgacha tabiiy gazni iqtisod qilish mumkinligi haqida aholiga tushunchalar berishmoqda.
Yil boshidan poytaxtimizda 8 mingga yaqin zamonaviy yondirgichlar aholi xonadonlariga, ulgurji iste’molchilari uchun esa 3 mingdan ziyod gaz uskunalari zamonaviysiga almashtirildi. Rejaga asosan 2022-yil davomida 13 mingdan ortiq gorelkalar aholi xonadonlariga o’rnatilishi belgilangan.
“Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiali bo’lim boshlig’i Aziz Ahmedov shunday deydi. – “Gaz yondirgichlarning afzalligi-avtomatlashtirilganida. Yaʼni gaz bosimi pasayib yoki koʻtarilib qolsa, maxsus oʻrnatilgan klapan tabiiy gazni darhol oʻchirib qoʻyadi. Oʻzini oʻzi boshqara olish xususiyatiga ega bu moslamaning afzalligi xavfsizlikni taʼminlaydi.
Qolaversa, isteʼmolchilarimiz uchun qulay va tejamkor, masalan, kuz-qish mavsumida oʻrtacha tabiiy gaz sarfi 970 kub metrni tashkil etsa, mazkur gaz yondirgich orqali 30-40 % gacha tabiiy gaz sarfi tejaladi. Foydali ish koeffitsiyenti balandligi 90 % yuqori boʻlgani hisobiga, qoʻl bola gorelkalarga nisbatan, 360-400 kub metrgacha gaz tejalishiga erishiladi.
Hozirgi kunda poytaxtimizdagi deyarli 80 foiz isteʼmolchilar mazkur zamonaviy gaz yondirgichlar va isitish qozonlaridan foydalanib kelishmoqda".
“Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati