Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Ushbu qish kunlarida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlash uchun barcha saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning dekabr oyi davomida barcha toifadagi isteʼmolchilarga 2 milliard metr kubdan ortiq tabiiy gaz yetkazib berildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga ko‘pdir. Shunga qaramasdan, dekabrning sovuq kunlarida 200 mingdan ortiq xonadon aholisi bosimning pasayishiga, 115 mingdan ortig‘i tabiiy gaz tanqisligiga duch keldi, bu esa fuqarolar o‘rtasida asosli norozilik va shikoyatlarni keltirib chiqardi. “Zangori” yoqilg‘ining tanqisligi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish maqsadida tabiiy gazni sanoat korxonalari, avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchalari, boshqa yirik ulgurji isteʼmolchilardan, aholiga va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirish bo‘yicha barcha choralar amalga oshirildi. Natijada 16,4 mingdan ortiq yuridik shaxslarining gaz yetkazib berish reja jadvallariga vaqtinchalik cheklovlar va o‘zgartirishlar kiritilgan. Tejab qolingan tabiiy gaz, tanqislik bilan bog‘liq masalalarning oldini olib, 3,5 milliondan ortiq isteʼmolchilar va ijtimoiy soha obyektlarining ehtiyojlariga yo‘naltirilgan. Taʼkidlash joizki, «Hududgaztaʼminot» AJ doimo isteʼmolchilarni tabiiy gazdan oqilona foydalanishga va uni tejashga chaqiradi. Shunga qaramasdan mavjud vaziyatga befarqlik holatlari uchramoqda. Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan monitoring shuni ko‘rsatdiki, bitta isteʼmolchi tomonidan kuniga o‘rtacha gaz isteʼmoli 35 metr kubni tashkil qiladi. Bu hajm uyni isitish, ovqat tayyorlash va suvni qaynatish uchun yetarlidir. Shu bilan birga, «Hududgaztaʼminot» AJga onlayn tarzda kelib tushadigan hisoblagich ko‘rsatkichlarining tahlili shuni ko‘rsatdiki, isteʼmol hajmi kuniga 35 metr kubdan 318 metr kubgacha bo‘lgan uy xo‘jaliklari mavjud. Shunday qilib, TGNHAT tizimi shuni ko‘rsatdiki, sovuq kunlarda o‘rtacha 2 663 297 isteʼmolchi 35 metr kubgacha gazdan foydalanadi, bu esa kuniga 44,3 million metr kub tabiiy gaz yoki umumiy hajmning 67 foizini tashkil qiladi. Shu bilan birga, 443 002 isteʼmolchi 35 metr kubdan ortiq foydalanadi, bu esa kuniga 22,1 million metr kub gazni tashkil qiladi. Yaʼni, isteʼmolchilarning 14 foizi mamlakat aholisiga yetkazib beriladigan tabiiy gaz umumiy hajmining 33 foizini isteʼmol qiladi. Ushbu hisob-kitoblarga markaziy isitish tizimiga ega bo‘lgan xonadonlar isteʼmolchilari kiritilmagan. «O‘zgidromet» ning havo harorati pasayishi haqidagi maʼlumotlariga ko‘ra, aholi va ijtimoiy soha obyektlari o‘rtasida tabiiy gaz isteʼmoli ko‘payishi kutilmoqda. Soha mutaxassislari har bir xonadon va uy xo‘jaliklariga tabiiy gaz yetkazilib berilishi, isteʼmolchilarning “zangori” yonilg‘ida muammolari bo‘lmasligi va shinam sharoitda bo‘lishi uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Tabiiy gazni isteʼmolchilarga teng va adolatli taqsimlanishida, fuqarolarning qo‘llab-quvvatlashi hamda bevosita ishtiroki juda muhim sanaladi. Yaʼni xonadonlardagi isitish qozonlari harorati va termoregulyator tezligini biroz pasaytirilishi, “zangori” yoqilg‘idan birlamchi ehtiyoj uchun foydalanilishi, shuningdek, ehtiyojdan ortiqcha gaz uskunalaridan foydalanmaslik, gaz taʼminotida uzilishlar kuzatilayotgan uy xo‘jaliklaridagi muammolarni oldini olishga yordam beradi. Shu munosabat bilan «Hududgaztaʼminot» AJ hurmatli isteʼmolchilarni mavjud vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda, tabiiy gazdan imkon darajasida oqilona foydalanishga chaqiradi. Gaz taʼminoti bo‘yicha barcha turdagi muammo, savol va takliflarni 1104 call-markazi yoki 104 qisqa raqamlariga qoldirishingiz mumkin. Gaz taʼminoti korxonalari mutaxassislari tomonidan har bir murojaat joyiga chiqqan holda o‘rganilib, tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish uchun zarur choralar ko‘riladi.