Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali hududiy bo‘limlarining servis xizmatini rivojlantirish xizmati xodimlari tomonidan aholi va ulgurji iste’molchilar bilan gaz jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatish uchun tegishli tartibda shartnomalar tuzilib, tabiiy gazdan oqilona va xavfsiz holda foydalanish, zamonaviy, tejamkor gaz uskunalarining afzalligi borasida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Navoiy shahrida 43 ming 922 ta xonadon bo‘lib, 4 ming 349 ta uydagi 5 ming 861 ta gaz jihozi, shuningdek, viloyat markazidagi 1432 ta yuridik iste’molchining 334 tasi profilaktik ko‘rik va texnik taftishdan o‘tkazilgan. Tizim xodimlari tomonidan iste’molchilar nostandart gaz uskunalaridan foydalanmaslik zarurligi borasida qat’iy ogohlantirilib, ularga tejamkor gaz uskunalarining afzalligi borasida ma’lumotlar berilmoqda. 2022-yilning o‘tgan besh oyi davomida viloyat bo‘yicha 2056 ta, Navoiy shahrining o‘zida 276 ta aholi va ulgurji iste’molchilarning nostandart gaz jihozlari zamonaviy avtomatik uskunalarga almashtirildi. Yil boshidan buyon viloyat markazida 22 ta iste’molchining soha xodimlariga gaz jihozlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun ruxsat bermaganligi to‘g‘risida tegishli tartibda hujjat rasmiylashtirilgan.