Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Shofirkon tumanida 19286 nafar iste’molchi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. “Shofirkontumangaz” gaz ta’minoti bo’limi xodimlari tomonidan belgilangan rejaga muvofiq gaz ballonlari 35 kunga bormay yetkazib berilmoqda.
Joriy yilning buguniga qadar 737 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz tarqatildi. Xususan, tumanning olis hududidagi suyultirilgan gaz iste’molchilariga ham. Shofirkon tumani markazidan 110 kilometr uzoqlikda, Qizilqum kengliklari bag‘ridagi Churuq ovulida bugunga kelib aksari qozoq millatiga mansub aholi istiqomat qilmoqda. Ular o‘zining turmush tarzi, urf-odatlari, an’analari, qolaversa, chorvachilikda o‘ziga xos tajribasi, yetishtirgan mahsulotlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy hayotda alohida o‘ringa ega. Ovulliklar bugun o’zlarining maishiy ehtiyojlari uchun gaz ballonidan foydalanib kelmoqda. Gaz ta’minoti bo’limi xodimlari tomonidan 35 kunga bormay gaz ballonlari yetkazib beriladi. Joriy yilning mart oyida ham 60 dan ortiq xonadon egalariga 1400 kilogramdan ortiq suyultirilgan gaz tarqatildi.
“Yashash sharoitimiz yaxshi. Ehtiyojlarimiz uchun maishiy gaz ballonlaridan foydalanib kelamiz. Gazchilar o’z vaqtida gaz ballonimizni yetkazib, tarozilarda o’lchab berishadi. To’lovlarni kartalar berishgan, shu kartalarda amalga oshirib kelyapmiz. Muammolar kelib chiqqani yo’q. Ovqatlarimiz o'z vaqtida pishib, choylarimiz qaynayapti”, – deydi Oybarchin aya Ishnazarova.
Hududdagi 23-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari uchun issiq taomlarni tayyorlashda gaz ballonidan foydalaniladi. Tarbiyachi opaning fikrlariga ko’ra, gaz ballonlari vaqtida yetkaziladi. O’rnatib beriladi, xavfsizlikka rioya etish maqsadida tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.
Mas’uliyat bilan faoliyat olib borish soha mutaxassislarining asosiy maqsadi ekan, bugun har qanday mashaqqatda ham ular tinim bilmaydi. Garchand yo’llar olis bo’lsa ham. Shuning uchun ovulliklarning ta’minot xodimlaridan minnatdor ekanligini shundoqqina qarashlaridan ham anglash mumkin.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati