Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining Tabiiy gaz ta’minoti obyektlaridan samarali foydalanish boshqarmasi hamda “Hududgaz konsalting” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari bilan hamkorlikda soha xodimlari uchun seminar o‘tkazdi.
Asosiy maqsad energiya tejash sohasidagi bilim va tajribani oshirish, huquqiy hujjatlar, jumladan yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchisi pasporti va “Hududgazta’minot” AJning energiya tejash boshqaruvi tuzilmasi bilan tanishish va aniqlashtirishdan iborat.
“Hududgazta’minot” AJ tabiiy gaz ta’minoti obyektlaridan samarali foydalanish boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilshoda Rustamova va “Hududgaz Konsalting” MChJ bo‘lim boshlig‘i Oleg Azarov so‘zga chiqdi.
Seminar interaktiv shaklda o‘tkazildi. Ishtirokchilar energiya samaradorligi, yoqilg‘i-energetika resurslarining solishtirma sarfi, shuningdek, barcha turdagi energiya resurslari sarfini malakali tahlil qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Xususan, energiya pasporti korxonaning energetika xo‘jaligi holati va yoqilg‘i-energiya iste’molining haqiqiy balansini aks ettiruvchi, energiya samaradorligi ko‘rsatkichlarini baholash va energiyadan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini shakllantiruvchi hujjat ekanligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, seminar ishtirokchilariga “Hududgazta’minot” AJ energiya tejash boshqaruvi tuzilmasining ahamiyati haqida so‘zlab berildi. Mazkur me’yoriy hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslardan foydalanish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika mahsulotlariga bog‘liqligini kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4779-son qarorida belgilangan qoidalar va vazifalarni amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, keyingi yillarda gaz ta’minoti tizimida energiya resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan maqsadli parametrlar tasdiqlangan. Sohada qabul qilingan yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchisining energetika pasporti va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining energiya tejamkorligini boshqarish tuzilmasida energiyani ko‘p talab qiluvchi uskunalarni energiya tejamkor uskunalarga almashtirish va “Hududgazta’minot” AJ ob’yektlaridagi isitish tizimlarida quyosh energiyasidan samarali foydalanib, geokollektorlar orqali suvni istishni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar amalga oshirilishi aniq aks ettirilgan.
Natijada seminar ishtirokchilari energiya tejashning yagona siyosatini amalga oshirish yuzasidan fikr va takliflar almashish imkonini beruvchi bunday seminar, trening va boshqa tadbirlarni muntazam o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdilar.