Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Bugun ushbu hayotbaxsh tamoyil asosida olib borilayotgan ishlar natijasida odamlarni qiynab kelayotgan ko‘plab muammolarga yechim topilmoqda. Bu esa aholiga qulay yashash sharoitlari yaratish bilan birga ularning davlat idoralariga ishonchini orttirmoqda.
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialida ham aholi tomonidan bildirilgan murojaatlar, qayd etilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Tahlillarga nazar tashlasak, 2022 yil 11 oyi davomida filialning tuman va shahar gaz ta’minoti bo‘limlariga 3457 ta murojaat kelib tushgan, ularning 988 tasi tabiiy gaz ta’minoti va gaz tarmog‘iga ulanish, 282 tasi gaz hisoblagich o‘rnatish, plombalash va yechish, 480 tasi suyultirilgan gaz ta’minoti, 1382 ta yangi maishiy gaz ballon bilan ta’minlash, 212 tasi hisob-kitob va to‘lov kabi masalalarda bo‘lgan. Kelib tushgan murojaatlarning 3097 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 144 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, 216 ta murojaat esa hozirda ko‘rib chiqish jarayonida.
Murojaatlarni kamaytirish, ularni kelib chiqishini oldini olish maqsadida hududlarni “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga ajratildi, filial rahbari hamda sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlar tomonidan belgilangan grafikdan tashqari viloyatdagi “qizil” hududlarga kiritilgan tumanlarda sayyor va ommaviy qabullar hamda iste’molchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib borilmoqda. Xususan, filial direktori va uning yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari tomonidan 65 ta sayyor qabullar o‘tkazilib, 296 ta fuqaro murojaatlari tinglandi, ularning 243 tasi ijobiy yechim topdi, 53 tasiga huquqiy tushuntirish berildi. Bu kabi sayyor qabullar hududlardagi gaz ta’minoti bo‘limi boshliqlari va mas’ul xodimlari tomonidan ham o‘tkazib borilmoqda. Birgina Norin tumanida 37 ta mahallada sayyor uchrashuvlar o‘tkazish orqali murojaatlar sonini kamaytirishga erishildi.
Ta’kidlash joizki, 2019-2022 yillarda “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali hamda tuman va shahar gaz ta’minoti bo‘limlaridagi 13 ta “Fuqarolarni qabul qilish xonalari” qayta tashkil etilib, zamonaviy ko‘rinishda jihozlandi.
Shu bilan birga gaz ta’minoti korxonalariga kelgan iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida tuman va shahar gaz ta’minoti bo‘limlarida “Mijozlar bilan ishlash xonalari” tashkil etildi, bundan ko‘zlangan maqsad iste’molchilarni ortiqcha sarsongarchiliklarsiz barcha masalalariga bitta xonada yechim topilishiga qaratilgan. Mazkur xonalarda mijozlar uchun barcha sharoitlar mujassam.
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati