Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Energiya resurslari chegaralangan, demak, undan foydalanganda tejamkorlikka rioya etishimiz shart. Bugun joylarda gaz ta’minoti filiali, uning hududiy bo’limlari tomonidan tabiiy gazdan oqilona foydalanish, uni to’g’ri ishlatish maqsadida targ’ibotlar, tushuntirishlar olib borilmoqda.
Viloyatning olis hududi Qorako’l tumanining “Chiqirchi” mahallasida bo’lgan xodimlar dastlab nostandart gaz jihozlaridan foydalanib kelayotgan aholi xonadonlarini tanqid qilishdi. Uning xavfli ekanligi, tabiiy gazni tejashda hech qanday ahamiyatga ega emasligi bildirib o’tildi. Shuningdek, bu kabi holat Olot va Jondor tumanidagi aholi xonadonlarida ham kuzatildi. Achinarlisi, turli baxtsiz hodisalarning kelib chiqishida aynan nostandart gaz jihozlari sabab bo’layotganligi ta’kidlandi.
Xodimlar tomonidan energotejamkor gaz uskunasini o’rnatib, bevosita gazni tejash barobarida xavfsizlikni ta’minlash mumkinligi tushuntirildi. Aholi xonadonlarida olib borilgan targ’ibotlar davomida kunning issiq vaqtlarida gazdan unumli foydalanish zarurligi, kuniga bir kub gazning tejalganligi mablag’ning iqtisod qilinishi uchun ham muhim omil ekanligi aytilmoqda.
Romitan tumanida 22 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilari istiqomat qiladi, ulgurji iste’molchilar soni esa 410 taga yetadi. Ta’minot xodimlari targ’ibot davomida har bir iste’molchiga energotejamkor gaz jihozining xavfsizligi hamda tejamkorligi borasida raqamlar asosida tahliliy yondashib, tushuntirib o’tishmoqda. Xususan, energotejamkor gaz yondirgichlari oylik gaz sarfini 40-45 foizga tejashi, kuz-qish mavsumi 6 oy bo‘lsa, shu davr mobaynida 2100 metr kub, 800 ming so‘mga yaqin iqtisod qilinishi ta’kidlanmoqda.
Gorelka gaz bosimi o‘zgarganda, ta’minotda uzilishlar bo‘lganda, avariya holatlarida avtomat tarzida ishlashi qayd etilmoqda. Bugunga qadar targ’ibotlar samarasi o’laroq tuman bo’yicha 62 ta energotejamkor gaz yondirgichlari o’rnatildi, bu bilan esa kunlik 223,2 m3 tabiiy gaz tejalsa, mavsum davomida esa 33480 m3 gazning tejalishiga erishildi.
Buxoro shahrida faoliyat olib borayotgan bir qator ulgurji iste’molchilar energotejamkor gaz jihozlaridan foydalanmoqda. Quvonarlisi, tejamkorlik tadbirkor faoliyatining rivojlanishida muhim omil bo’lib xizmat qilmoqda. Tadbir boshidan bugunga qadar shahar bo’yicha 24 ta ulgurji iste’molchilari energotejamkor gaz uskunasini o’rnatdi. Bu bilan esa kunlik 86,4 m3 tabiiy gazning tejalishiga erishildi.
“Energotejamkor gaz jihozlarini o’rnatganimizdan keyin oylik mablag’ bir millionga yaqin tejaladigan bo’ldi. Asosiysi, xavfsiz, muammosiz ishlaymiz”, – deydi shahardagi “Mumtoz” ulgurji obyekti oshpazi Barot Safoyev.
“Texnik ta’minlash va butlash” mas’uliyati cheklangan jamiyati Buxoro bo’linmasida ham mutaxassislar tomonidan energotejamkor gaz jihozlarini o’rnatish, oylik gaz sarfi tejalishi, mablag’ning iqtisod qilinishi, xavfsizligi tushuntirildi. Jarayonlar davomida undan to’g’ri foydalanish to’g’risida ko’nikmalar berildi.
Kogon shahrining “Beruniy” mahallasidagi Istirohat ko’cha fuqarolari uchun tushuntirishlar davom etmoqda. Tejamkorlikka rioya etish har bir iste’molchining asosiy vazifasi ekanligi, iqtisodiy jihatlari ta’kidlanmoqda.
Xodimlar tomonidan viloyatda faoliyat olib borayotgan ta’lim dargohlarida ham targ’ibotlar qilinmoqda. Tabiiy gazni tejashda nimalarga e’tibor qaratish zarurligi, energotejamkor gaz jihozlarining ahamiyati xususida ma’lumotlar berilmoqda. Kunning iliq vaqtlarida isitish qozonlarini pasaytirish orqali tabiiy gazni tejash mumkinligi tushuntirilmoqda.
Fikrimiz intihosida raqamlar misolida yondashadigan bo’lsak, viloyat bo’yicha tadbir boshidan to bugunga qadar aholi iste’molchilariga 636 ta, ulgurji iste’molchilariga esa 136 ta energotejamkor gaz yondirgichlari o’rnatildi. Mavsum davomida esa bu bilan 416880 m3 tabiiy gazning tejalishini ko’rish mumkin. Viloyatning barcha aholi xonadonlari, ijtimoiy obyektlarida targ’ibotlar davom etmoqda.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati