Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Qishning izg‘irinli kunlarida ham gaz sohasi xodimlari aholiga bir maromda suyultirilgan gaz yetkazib berishda davom etishmoqda. Zero, bu kunlarda aholining maishiy ehtiyojlarini qondirishda va tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda iste'molchilar uchun suyultirilgan gazning o‘rni beqiyos.
“Tumanimizda 50 mingdan ortiq suyultirilgan gaz iste'molchilari mavjud bo‘lib, hozirda ularga o‘rtacha 35-40 kun oralig‘ida gaz yetkazib bermoqdamiz. Bugungi kungacha 660 tonna gaz yetkazib berildi, bu esa salkam 33 mingta xonadon gaz bilan ta'minlandi, demakdir. O‘tgan 2022 yilda ehtiyojmand oilalarga 193 dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berildi. Suyultirilgan gaz ID kartalardan foydalangan holda onlayn tizim orqali yetkazib berish qat'iy nazoratga olingan,” – deya xabar berdi “Asakatumangaz” gaz ta'minoti bo‘limining suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmati bo‘limi boshlig‘i Sardorbek Turg‘unov.
Asaka tumanidagi “Chek” mahalla fuqarolar yig‘inida 1583 nafar iste'molchi tuman gaz ta'minoti bo‘limi tomonidan suyultirilgan gaz bilan ta'minlanib kelmoqda. Iste'molchilarda 2132 dona maishiy gaz ballonlari mavjud bo‘lib, ularning ballon bilan ta'minlanganlik darajasi 134 foizni tashkil etmoqda. Yil boshidan beri mahalla ahliga 18 tonnayu 880 kilogramm gaz yetkazib berildi. Anomal sovuq kunlarida ham iste'molchilarga gaz yetkazib berish choralari ko‘rilmokda.
“Gazchi yigitlarga ham rahmat, issiqni issiq, sovuqni sovuq demasdan gazimizni o‘z vaqtida yetkazib berishyapti, - deydi mahallaning “Intilish” ko‘chasi 222-uyda yashovchi Mahfuzaxon Jumaboeva. – Mahallaga kelin bo‘lib tushganimga 40 yildan ortdi. Avvallari, sovuqda ham ovqatni pechka yoki o‘choqda, ko‘zimiz tutunlarga to‘lib ovqat qilardik. Hozir mana kelinimga mazza, qorayish yoki tutun hidlash yo‘q, oshxona ham pokiza. Gazimizi o‘z vaqtida olib kelayotganlari uchun barchasiga rahmat..”
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati