Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Korrupsiya so‘ssiz taraqqiyot kushandasi, uning ildiziga bolta uruvchi illat hisoblanadi. Shu bois, dunyo hamjamiyati, xususan, mamlakatimizdagi har bir sohada korrupsiya illatiga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Birgina gaz ta’minoti sohasini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish borasida salmoqli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan kundan boshlab tizimda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan izchil choralar ko‘rilmoqda.
Shu o‘rinda aytish kerak, ilgari iste’molchilarning gaz hisoblagichlaridagi ko‘rsatkichlarni yig‘ish hamda tizimga kiritish bilan inspektor lavozimidagi xodimlar shug‘ullangan. Ammo, ming afsuski, ko‘plab “nazoratchi”larning o‘z lavozim vakolatini suiiste’mol qilishi, ularning yo‘l qo‘ygan noqonuniy xatti-harakatlari iste’molchilarda sohaga va sohada vijdonan ishlab kelgan xodimlar sha’niga nisbatan salbiy fikrlar shakllanishiga sabab bo‘ldi. Tizimda shaffoflikni ta’minlash maqsadida esa, “Hududgazta’minot” AJ tomonidan tabiiy gazni hisobga olishning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi loyihasi joriy etilib, ushbu loyiha doirasida iste’molchilar xonadonlariga tabiiy gaz hisobi nazoratini mustaqil olib borish imkoniyatiga ega “aqlli” hisobdonlar o‘rnatish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, har qanday korrupsion holatlarning oldini olish hamda profilaktik tadbirlarni olib borish maqsadida Jamiyat tizimidagi barcha gaz ta’minoti filiallarida Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish bo‘limlari joriy qilinib, ular malakali mutaxassislar bilan ta’minlandi.
Tizimda korrupsiya illatiga qarshi yanada keskin va murosasiz kurashish doirasida “Hududgazta’minot” AJning yagona “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati” tasdiqlandi. Shunga asosan, Jamiyatni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish, uning har qanday ko‘rinishiga barham berish hamda korrupsion xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida olib borilgan kuzatishlar, murojaatlar tahlili va mavjud ma’lumotlarga tayangan holda tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlar orasida ushbu illatga moyillik ehtimoli bo‘lganlarining birlamchi ro‘yxati shakllantirildi.
Unga ko‘ra, 2022 yil 1 mart holatiga umumiy ro‘yxatda bo‘lgan 17 026 nafar xodimdan korrupsiyaga moyilligi yuqori bo‘lgan 80 nafari (0,5 foiz) qizil ro‘yxatga hamda moyilligi past bo‘lgan 463 nafari (2,7 foiz )sariq ro‘yxatga kiritildi. Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish bo‘limlari tomonidan olib borilgan profilaktik tushuntirish ishlari hamda dastlabki ogohlantirishlar natijasida qizil ro‘yxatda bo‘lganlardan 16 nafar hamda sariq ro‘yxatda bo‘lganlardan 21 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Profilaktik targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilib, ulardan o‘ziga yetarli xulosa chiqargan sariq ro‘yxatdagi 11 nafar xodim yashil ro‘yxatga o‘tkazildi.
Tizimda shaffoflikni to‘liq ta’minlash maqsadida xodimlar orasida turli ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazilib, natijalar tahlil qilinmoqda. Korrupsion holatlarga sabab bo‘ladigan shart-sharoitlar o‘rganilib, xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Pirovardida esa bular o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Masalan, joriy yilning 1 avgust holatiga umumiy ro‘yxatda bo‘lgan 16 849 nafar xodimdan korrupsiyaga moyilligi yuqori bo‘lgan 64 nafari (0,4%) qizil ro‘yxatga, moyilligi past bo‘lgan 415 nafari (2,5%) sariq ro‘yxatga hamda korrupsiyaga moyilligi kuzatilmagan 16 370 nafar (97,1%) xodim yashil ro‘yxatga kiritildi.
E’tirof etish joiz, sohaga ilg‘or tajriba va zamonaviy avtomatlashtirilgan texnologiyalarning keng joriy etilishi natijasida ayrim toifa lavozimlarning ish hajmi qisqarib, ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarda “inson omili” keskin pasaydi. Natijada ehtimoli yuqori bo‘lgan korrupsiya xavfi sezilarli darajada kuchsizlantirildi.
Bundan tashqari, hozirda ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimining xalqaro standartini “Hududgazta’minot” AJda joriy etish bo‘yicha yuqori reytinglarni egallagan konsultantlarni jalb qilgan holda tizimda audit o‘rganishlari olib borilmoqda. Ya’ni, “Hududgazta’minot” AJ tomonidan tegishli organlar, jumladan huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish maqsadida bu illatga qarshi murosasiz kurashish bo‘yicha izchil ishlar davom ettirilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar esa, nafaqat gaz ta’minoti tizimi, balki butun jamiyat rivoji hamda taraqqiyoti uchun ham xizmat qilishi, shubhasiz.