Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugun "Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filialining mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i va "Karmanatumangaz" gaz ta’minoti bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan tumanning "Talqoq" mahallasida aholining gazdan foydalanish holati o‘rganildi.
Aytish kerak, hozirda mahallada tabiiy gazdan foydalanadigan 1499 ta xonadon mavjud bo‘lib, tuman gaz ta’minoti bo‘limi chilangari Sharif Abdullaev tomonidan mavsum boshidan buyon 850 ta xonadonda mavjud gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan.
O‘rganish ishlari davomida ba’zi iste’molchilarning gazdan foydalanish talablariga rioya qilmaslik, ya’ni, dam olish xonasida ochiq olovdan, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanish holatlari, shuningdek, dudbo‘ronlarning isitish mavsumiga tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi.
Jarayonda aholiga zamonaviy isitish qozonlari va tejamkor gorelkalarning afzalligi haqida ma’lumotlar berildi. Gazdan xavfsiz foydalanish, dudbo‘ronlarning me’yor asosida o‘rnatilishi va tozaligiga e’tiborli bo‘lish kerakligi tushuntirildi.
- Men gaz xodimlarining tavsiyasi bilan alohida isitish qozoni o‘rnatdim. Gaz iqtisod bo‘lishi bilan birga xavfsizlik va tozaligi jihatidan ham qulay ekan. Ayniqsa, biz yoshi ulug‘lar uchun bu juda muhim. Gaz o‘chib yonsa ham xavotir olmaymiz. Uyda ochiq olov yo‘qligi bois, gaz hidi chiqmaydi, - deydi mahalla fuqarosi Sobir Akramov.
Xavfsizlik - har bir insonning o‘z qo‘lida. Beparvolik esa, yomon oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Mahalla fuqarolariga ushbu mazmundagi maxsus eslatmalar taqdim etildi.
"Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati