Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Toifalangan ob'ektlarda texnogen halokatlarning o‘z vaqtida bartaraf etilishida to‘g‘ri va tezkorlik bilan harakat qilish katta o‘rin tutishi bois bunga mas'ul tashkilotlar xodimlari bu borada yuqori darajadagi tayyorgarlikka ega bo‘lishlari zarur. Ana shu munosabat bilan “Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filialining Asaka gaz to‘ldirish shoxobchasida ishchilar ishtirokida favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda aholi va hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha maxsus-taktik o‘quv mashqlar tashkil etildi.
Unda tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limi bilan birga sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, binodagi ishchilar va fuqarolarni evakuasiya qilish, hududdagi yong‘inga qarshi suv ta'minotini o‘rganish, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligi va kasb mahorati sinovdan o‘tkazildi.
Yong‘in xavfsizligi xodimlari belgilangan tartib asosida harakat qilib, MAN rusumli maxsus avtotransport vositasida yuzaga kelgan shartli yong‘in o‘chirildi. Mashg‘ulot yakunida bajarilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan xatolar muhokama qilindi. Unda ishchilarga yong‘inlarning oldini olish, yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish, odamlarning hayoti va sog‘lig‘i uchun zarur bo‘lgan boshqa tavsiyalar berildi.
Xuddi shunday tadbirlar Qo‘rg‘ontepa va Shahrixon gaz to‘ldirish shoxobchalarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati