Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali, “Buxorotumangaz” gaz ta’minoti va Buxoro tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tumandagi “Bog’ikalon” va “Galaosiyo” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi aholi xonadonlarida bo’lib, mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishdi. Xavfsizlikka rioya etish, kuz-qish davrida tayyorgarlik jarayonlarini kuchaytirish, gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, is gazining oldini olish, dudbo‘ronlarning to‘g‘ri o‘rnatilishi, ularning tozaligiga e’tibor qaratish lozimligi haqida tushuntirishlar berildi.
Targ’ibotlar davomida mavjud kamchiliklar aniqlandi. Ta’kidlash lozim, aksariyat iste’molchi dudbo’ronlarni noto’g’ri o’rnatganligi yoki uning tozaligiga ahamiyat qaratmay kelayotganligi, mavsumga tayyorgarliksiz kirib borayotganligi tanqid qilindi.
Achinarlisi, ular dudbo‘ronlarning nosoz ahvolga kelib qolganligiga e’tibor qaratmasdan isitish pechidan foydalanib kelmoqda. Soha xodimlari tomonidan bu kabi holatlar turli baxtsiz hodisalarga sabab bo’lishi mumkinligi ta’kidlandi. Uning oldini olish maqsadida ko’rsatmalar berildi.
ESLATMA
“Shaharsozlik normalari va qoidalari”ga asosan gaz asboblaridan chiqadigan mo‘ri kanallarining o‘rnatilishiga e’tibor qaratish, kamida tom cho‘qqisidan 1,5 m uzoqlikda o‘rnatish, qoida talablardan kelib chiqqan holda ularga himoya qalpoqlarning bo‘lishi, ta’mirtalab holga kelib qolgan bo‘lsa o‘z vaqtida yangisiga almashtirilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining tegishli bandida iste’molchining xavfsizligi borasidagi majburiyatlari belgilab qo‘yilgan.
Xususan, belgilangan tartibda tutun mo‘rilari, ventilyatsiya kanallarining holatini o‘z vaqtida tekshirilishini tashkil etish, nosozliklar mavjud bo‘lsa ular to‘g‘risida yong‘in xavfsizlik xizmatlariga xabar berish shart. Fuqarolar xonadonlarida gazlashtirilgan pechlar, mo‘rilarda sinch zichligi, yoriqlar buzilishi holatlari aniqlansa, mo‘ri va ventilyatsiya kanallarining tekshirilganligi, tozalanganligi to‘g‘risida dalolatnoma mavjud bo‘lmaganda yoki uning muddati o‘tganidan so‘ng foydalanib kelayotgan bo‘lsa, mo‘ri konlari o‘zboshimchalik bilan tozalansa tabiiy gazdan foydalanishda yo‘l qo'yilmaydi.
Hurmatli iste’molchi, tutun mo‘rilarini o‘rnatishda me’yor talablariga rioya etishni unutmang! Qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ymang!
"Hududgaz Buxoro" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati