Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugungi kunda “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirish ishlari Andijon viloyatida o‘z yakuniga yetmoqda. Bunda yangi turdagi zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunalari aholi xonadonlariga o‘rnatildi va bu orqali yetkazib berilayotgan tabiiy gaz avtomatik tarzda hisoblanmoqda. Shu kungacha viloyat bo‘yicha 255 mingga yaqin “aqlli” hisobdonlar o‘rnatildi va barchasi to‘la dasturga biriktirildi. Dasturga ulangan barcha hisobdonlar avtomatik tarzda yetkazib berilayotgan tabiiy gaz hisobini yuritmoqda.
Afsuski, iste'molchilar orasida o‘z majburiyatlarini bajarmay, unga sovuqqonlik bilan qarayotganlar ham topiladi. Xonadonlarga o‘rnatilgan hisobdonlar uzatgan ma'lumotlarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 2023 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, 1 milliondan oshiq qarzdorligi mavjud bo‘lgan 65 ming 204 nafar fuqarolarning qarzdorligi mavjud bo‘lib, ularga mavjud qarzdorligi uchun tabiiy gaz berish avtomatik tarzda to‘xtatilgan.
“Ushbu iste'molchilarga qarzdorligidan avval sms-xabarnomalar yuborilgan bo‘lsada, tabiiy gazdan foydalanishda davom etgan va natijada yuqoridagi qarzdorlik kelib chiqqan. Afsuslanarlisi shuki, qarzdor iste'molchilar haligacha tabiiy gazdan bo‘lgan qarzdorligini to‘lashni o‘ylamayaptilar ham” – deydi “Andijonshahargaz” gaz ta'minoti bo‘limining aholi bilan ishlash xizmati bo‘limi boshlig‘i Akmaljon Sattarov.
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filialida qarzdorlikni undirish va qarzdorlar hujjatlarini sud-huquq organlariga topshirish bo‘yicha maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu kunga qadar 2 876 nafar qarzdorning 5 mlrd. 128 mln. 400 ming so‘mlik hujjatlari sud organlariga yuborildi.
Majburiy ijro byuro xodimlari bilan birgalikda Andijon shahri, Buloqboshi va Xo‘jaobod tumanlarida ijro hujjatlariga asosan tabiiy gazdan qarzdorligi mavjud xonadonlarga borilib, qarzdorlikni undirish bo‘yicha ijro harakatlari olib borildi.
Misol uchun, Andijon shahri “Bo‘ston” MFYning “Maxtumquli” ko‘chasi 22-uyda yashovchi fuqaro M.O.ning tabiiy gazdan 1 mln. 499 ming so‘m qarzi bo‘lgan holda undiruv tartibi belgilangan va ushbu qarzdorlik ijro harakatlari davomida undirildi. “Al-Buxoriy” MFY “Sh.Karimov” ko‘chasi 29-uyda yashovchi I.Sh. ning 1 mln. 310 ming 677 so‘m qarzdorligi ham harakatlar asosida so‘ndirildi. Hozirda Andijon shahri bo‘yicha 240 ta sud hujjatlari asosida 758 mln. so‘mlik qarzdorlikni undirish bo‘yicha ijro harakatlari olib borilmoqda.