Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Fozilmon” mahallasi shaharning Xontog‘ yonbag‘irlarida joylashgan so‘lim go‘zalardan biri. Bugun mazkur mahalladagi 734 ta iste'molchini “Xonobodshahargaz” gaz ta'minoti filiali mutaxassislari bir maromda gaz bilan ta'minlab kelmoqdalar. Mahallaga joriy yil boshidan beri 34 tonnadan ziyod gaz yetkazib berilgan bo‘lib, belgilangan reja amalda 105 foizga bajarilmoqda.
“Xonobod shahrimizda 18 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi 8 ming 381 nafar aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Yil boshidan beri aholiga 400 tonnadan ziyod gaz yetkazib berilgan, - deydi “Xonobodshahargaz” gaz ta'minoti bo‘limi muhandisi Ilhomjon Boltaboev. – Suyultirilgan gaz tarqatishda e'tiborimizni, eng avvalo, onlayn tizim orqali yetkazib berishga qaratganmiz. Zero, Andijon viloyatida suyultirilgan gaz yetkazib berishning onlayn tizimi ham aynan bizni shahrimizdan boshlangan edi. Hozirda barcha iste'molchilarimiz ana shu tartibda gazni olmoqdalar. Bunda naqd pulning yo‘qligi, gazni o‘z vaqtida kelishi aholini xursand qilmoqda...”
Barcha iste'molchilar suyultirilgan gazni onlayn tartibda olmoqdalar. Xususan, nazorat tarozilardan o‘tkazilgan holda ID kartalar orqali gaz tarqatilmoqda.
“Bizda karta orqali gaz olish 3 yil avval yo‘lga qo‘yilgan. O‘rtacha har 35-37 kunda gazimiz keladi. Ayolim ham qiynalmaydi, doim uyga kelsam issiq ovqat, choy tayyor. Bo‘shagan vaqtlarda ballondan qanday foydalanish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berib ketishyapti. O‘tgan safar ballonni oshxonadan tashqariga qo‘yish kerakligi haqida aytishgandi. Mana tavsiyasiga quloq tutib, shunday qildi. Bunday o‘ylab qarasam, gazdan xavfsiz foydalanaman ekan, bu esa oilam tinchligi va xotirjamligiga asos bo‘ladi”, - deydi “Bahor” ko‘chasi 12-uyda yashovchi iste'molchi Tojiddin Rasulov.
Shuningdek, gaz tarqatilish jarayonlarida ham suyultirilgan gazdan foydalanish qoidalari haqida tushuncha va tavsiyalar berilmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati