Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali xodimlari joylarda iste'molchilar orasida energiya resurslarini tejab ishlatish, gazdan oqilona va xavfsiz foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini davom ettirmoqdalar. Ana shunday targ‘ibot ishlari Andijon shahrining “Qo‘shariq” dahasida joylashgan ko‘p qavatli uylarda olib borildi. Soha xodimlari dastlab xonadonlarga o‘rnatilgan ikki konturli isitish qozonlari ko‘rikdan o‘tkazishdi.
“Issiq kunlar boshlanishiga qaramasdan, ayrim oilalarmizda isitish pechlaridagi haroratlar qish davridagi harorat bo‘yicha qolgan, - deydi “Andijonshahargaz” gaz ta'minoti bo‘limining chilangari Mirzohid Abdumutaliboev. – Menga mana shu hududdagi 70 ga yaqin ko‘p qavatli uylar biriktirilgan. Hozirda har bir xonadonga kirib, isitish qozoniga suv isitish uchun ham ko‘p harorat kerak emasligi, gazni tejash masalasida tavsiyalar bermoqdamiz...”
Shuningdek, “Bunyodkor” mahallasi o‘ramidagi iste'molchilarga ham tabiiy gazni tejash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Nostandart gaz jihozlardan foydalanayotgan iste'molchilarga ogohlantirishlar berilib, zudlik bilan ularni almashtirish, is gazidan ehtiyot bo‘lish choralarini ko‘rish bo‘yicha tushunchalar berildi. Ushbu mahalla iste'molchilariga ham qanday qilib kuniga kamida 1 metr kubdan gaz tejash mumkinligi tushuntirildi. Kerakli vaqtda gazdan foydalanish yoki oddiy choy qaynatish vaqtida o‘ziga kerakli miqdordagi suvni qaynatish kabi holatlar bilan ham qancha gaz tejash mumkinligi haqida ma'lumotlar berildi.
“Bugun xonadonimga gaz xodimlari kelib, gazni tejash va uning foydasi haqida tushuncha berishdi, - deydi “Bunyodkor” mahallasi oqsoqoli Rahimjon Xabibullaev. – Kuniga qanday qilib hech yo‘q 1 kub gazni tejashlik masalasida aytib o‘tdi. Axir, dinimizda ham isrofgarchilik haqida gapirilgan. Tejash esa, isrofgarchilikni oldini oladi, tejalgan gaz esa boshqa birovni uyida yonishi mumkin. Bu masalani endi, qo‘ni-qo‘shnilarga ham tavsiya qilyapman..”
Bugun gaz kabi ne'matdan oqilona foydalanish, behuda sarflamaslik barchaning o‘z oldiga qo‘yilgan fuqarolik vazifalaridan hisoblanadi. Zero, har bir kub tejalgan gaz esa, boshqa bir yurtdoshimizning xonadonida ham “zangori yoqilg‘i”ni yonishiga sabab bo‘ladi.
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati