Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Toshkent viloyatining Toshkent tumanida “Toshkenttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining servis xizmati bo‘limi xodimi Doniyor Hamidov 300 ming so‘m va 700 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytida huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olindi.
“Hududgazta’minot” AJning Komplayens-nazorat boshqarmasi ma’lum qilishicha, 2022 yilning iyul oyida “Nanila farm” MChJ rahbari D.Hamidovdan yangi gaz hisoblash uskunasini o‘rnatishda ko‘mak berishini va 13 mln. so‘m miqdoridagi qarzdorlikni yopib berishini so‘ragan. Avvalroq esa, MChJ rahbari “Toshkenttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Ilhom Yoqubovga yordam so‘rab murojaat qilgan, ammo I.Yoqubovdan rad javobini olgan.
Servis xizmati xodimi D.Hamidov “Nanila Farm” MChJ rahbarining takroriy qo‘ng‘iroq va iltimoslaridan so‘ng masalani hal qilishda ko‘maklashishga qaror qiladi va mukofot sifatida 8 million so‘m so‘raydi. Tuman oshxonalaridan birida kelishilgan so‘mmani olayotgan vaqtda, u huquq-tartibot idoralari tomonidan tadbir asosida qo‘lgan olingan.
Vaziyatni o‘rganish davomida aniqlandiki, “Nanila Farm” MChJ tabiiy gazdan qarzdorligi uchun gaz ta’minoti tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Bugungi kunda, o‘ziga yuklatilgan vazifaga lozim darajada yondashmaganligi va beparvo munosabatda bo‘lgani uchun “Toshkenttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Ilhom Yoqubov bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Servis xizmati xodimi Doniyor Hamidovga nisbatan o‘rnatilgan tartibda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Hududgaztaminot” AJ tomonidan korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish bo‘yicha islohotlar davom ettirgan holda gaz ta’minoti xodimlaridan noqonuniy xatti-harakatlar kuzatilganda zudlik bilan fuqarolardan 1104 qisqa raqami bilan bog‘lanishlarini yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Gaz ta’minotidagi muammolar va ularni hal etish yo‘llari” guruhiga xabar yuborishlarini so‘rab qoladi.
Eslatib o‘tamiz bugungi kunda tizimda zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilgan bo‘lib bunda inson omilining ta’sir doirasi mavjud emas. Xodimlar tomonidan Tabiiy gaz hisobini avtomatlashtirilgan tizimiga kirish, shuningdek gaz iste’moli hajmlari ko‘rsatkichlarini kamaytirish imkoniyatiga ega emas. Shu bois har qanday noqonuniy kelishishlar befoyda va mantiqsizdir.