Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Gaz ta’minotida tayyorgarlik puxta bo‘lsa, qish-qirovli kunlar betalofat o‘tadi, mavsum bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmaydi, eng muhimi, aholining xavotirlanishiga hojat qolmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23 sentabrdagi "Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 522-sonli qarorida isitish mavsumida iste’molchilarga bir maromda gaz ta’minotini yetkazish borasida soha xodimlari uchun muhim vazifalar belgilangan.
Xususan, hujjatda Navoiy viloyatida gaz ta’minoti ob’ektlari va qurilmalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, viloyat aholisiga isitish mavsumida suyultirilgan gaz yetkazib berish parametlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, bu borada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Qarorda viloyat bo‘yicha jami 10,2 km gaz quvurlarini tiklash-ta’mirlash ishlarini bajarish belgilangan bo‘lib, "Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali tomonidan ushbu vazifalar ijrosi to‘liq ta’minlandi. Ya’ni, Navbahor tumanida 2,9 km gaz quvurlari mukammal ta’mirlanib, Karmana, Xatirchi tumanlari va Navoiy shahrida 7,3 km quvurlar rekonstruksiya qilindi. Bu haqda Filial bo‘lim boshlig‘i Asqar Nabiyev shunday deydi:
- Har bir hududda gaz quvurlari va gaz taqsimlash punktlarining nazorati uchun chilangar xodimlar biriktirilgan. Tayyorgarlik tadbirlari davomida chilangarlar tomonidan 8 dona gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlanib, mavsumda foydalanishga tayyor holga keltirildi. Shuningdek, gaz taqsimlash qurilmalarining 1961 donasi taftish qilindi. Tadbirlar davomida yana Qiziltepa tumanida 121, Navbahor tumanida 14, Xatirchi tumanida esa 24, jami 159 dona GTQ taftish qilinadi.
Ayni vaqtga qadar viloyat bo‘yicha jami 79, 7 km gaz quvurlari bosim ostida sinaldi va tozalandi. Buning uchun maxsus texnika va jihozlar ajratilib, bu yo‘nalishda qarorda ko‘rsatib o‘tilgan barcha ishlar yakuniga yetkazildi. Shuningdek, 150,5 km gaz quvurlarining holati pribor usuli bilan tekshirildi va belgilangan reja o‘z vaqtida bajarildi.
- Karmana, Qiziltepa, Konimex, Navbahor, Xatirchi tumanlari va G‘ozg‘on shahrida gaz quvurlarini estetik jihatdan tartibga keltirish, bo‘yoqlash ishlari davom etmoqda. Tadbir boshidan ayni vaqtga qadar 385,2 km gaz quvurlarida bo‘yoqlash ishlari olib borildi. Zarafshon va Navoiy shaharlari hamda Uchquduq tumanida belgilangan hajmdagi quvurlar, tartibga keltirilib, bo‘yoqlandi, - deydi Filial mas’ul xodimi Mahmud Jumayev.
Navoiy viloyati hududi asosan, cho‘l, qir va adirliklardan iborat. Aholi soni kam bo‘lsada, hududi kattaligi jihatidan respublikamizda yuqori o‘rinda turadi. Tabiiyki, viloyatda tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan olis hududlar anchagina. Ammo, mamlakatimizda gaz ta’minotida olib borilgan izchil islohotlar tufayli hozirda viloyatda gaz ta’minoti yetib bormaydigan xonadon yo‘q. Tabiiy yoqilg‘i yetib bormagan hududlar aholisi reja-grafik asosida suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda.
Vazirlar Mahkamasi qarorida viloyatda olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq hamda ovullarda suyultirilgan gaz zaxiralarini yaratish parametlari ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, Konimex tumanining "Uchtepa", "Boymurod", Tomdining "Ayaqquduq", "Shieli", "Keregatu", Uchquduq tumanining "Uzunquduq", "Ko‘kayaz", "Altintau" ovul va qishloqlarida isitish mavsumi uchun jami 219, 1 tonna suyultirilgan gaz zaxiralari yaratiladi.
- Qish mavsumida, ayniqsa yog‘ingarchilik kunlarida olis hududlarimizga ta’minot yetkazish soha xodimlarimiz uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Buning oldini olish maqsadida bugungi kunda olis hududlarga suyultirilgan gaz yetkazib beradigan maxsus transport vositalarimiz kuz-qish mavsumiga tayyor holga keltirilmoqda. Har qanday ob-havo bo‘lishiga qaramay, viloyatimizning eng chekka hududlarida yashaydigan iste’molchilarimiz ham suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. Yana bir masala mavsumda ta’minot xavfsizligidir. Bu borada ham zarur choralar ko‘rilmoqda, - deydi Filial mas’ul xodimi Ulug‘bek Nurimov.
Yilning to‘rt faslida ham aholining gaz ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, sovuq ob-havoda ularga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash soha xodimlarining asosiy vazifasi, ham maqsadidir. Eng muhimi, bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarning barchasi yurtga daxldorlik tuyg‘usi bilan hamohang olib borilayotganligidir.
"Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati