Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Yurtimizda inson qadri ulug‘ligi, xalq manfaati hamma narsadan ustun ekanligini davlat organlarining aholi bilan muloqoti, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimining takomillashishi, ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlari joriy qilinayotganidan ham ko‘rish mumkin.
"Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali tomonidan bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, iste’molchilarning gaz ta’minoti borasidagi ehtiyojini o‘z vaqtida ta’minlash va murojaatlar soni kamayishi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.
Masalan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Filialga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti hamda boshqa masalalarga oid jami 859 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 2,7 foizi tabiiy gaz bosimi, 35,2 foizi gaz ta’minotidagi uzilishlar, 1,3 foizi tabiiy gaz tarmog‘iga ulash, 12,6 foizi esa, elektron gaz hisoblash uskunalari bilan bog‘liq masalalar hisoblanadi. Hisobot davrida suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq 270 ta murojaat yo‘llangan bo‘lib, ularda, asosan suyultirilgan gaz yetkazish muddati masalasi keltirib o‘tilgan.
Filial, uning hududiy bo‘limlari tomonidan murojaatlar tegishli tartibda o‘rganilib, tahlil qilib borilmoqda. Jumladan, murojaatlarning 830 tasi, ya’ni 96,6 foizi ko‘rib chiqilgan. 784 ta murojaat ijobiy hal etilgan. 46 murojaat yuzasidan iste’molchilarga zarur tushuntirish berilgan. Hozirda mas’ul xodimlar tomonidan yana 29 murojaat tegishli tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Ushbu murojaatlarni hududlar kesimida tahlil etadigan bo‘lsak, eng ko‘p murojaat Xatirchi, Karmana va Navbahor tumanlari bo‘yicha kelib tushgan. Ya’ni, murojaatlarning 26,2 foizi Xatirchi, 22,7 foizi Karmana va 18,9 foizi Navbahor tumanlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu hududlarda murojaatlarni ijobiy hal etish va ular sonini kamaytirish uchun muntazam ravishda targ‘ibot tadbirlari va aholi bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Aytish kerak, Filialda va uning hududiy bo‘limlarida fuqarolarni qabul qilish va ularga ma’lumotlar berish uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bu soha xodimlarining ish unumdorligini oshirib, iste’molchilarning turli ovoragarchiliklari oldi olinishini ta’minlayapti.
"Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati