Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23 sentyabrdagi "Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 522-sonli qarorida keltirib o‘tilgan vazifalar ijrosiga "Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, qarorda belgilangan Navoiy viloyati bo‘yicha jami 10,2 km gaz quvurlarini tiklash-ta’mirlash ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi.
Aytish kerak, ayni vaqtda Navoiy viloyatida tabiiy gaz iste’molchilari soni 165 ming nafarga yaqinlashdi. Ularga 4 ming 81 km 893 metr gaz quvurlari orqali tabiiy gaz yetkazib beriladi.
"Hududgazta’minot" AJ tizimidagi filiallar balansida bo‘lgan gaz tarmoqlarini 2022-yilda mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish manzilli dasturi"ga asosan, joriy yilda Navoiy viloyatidagi gaz quvurlarining 7,3 km qismini rekonstruksiya qilish va 2,9 kilometrini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan edi. Filial va uning hududiy bo‘limlari tomonidan ishlar reja asosida tashkil etilib, tadbirlar to‘liq yakuniga yetkazildi.
Jumladan, Karmana tumanining "Yangi ariq" mahallasi "Qiziltom" va "Yangi ariq" ko‘chalaridagi 1,1 km, "Azamat" mahallasi "Azamat" ko‘chasidagi 1,9 - jami 3 km quvurlar rekonstruksiya qilinib, bo‘yoqlash ishlari olib borildi. Shuningdek, Navoiy shahrining "Yoshlik" mahallasida 2 km, "Binokor" mahallasining "Qurilish" ko‘chasida 1 km - jami 3 km yer osti, o‘rta bosimli gaz tarmoqlarida ham rekonstruksiya ishlari bajarildi.
Xatirchi tumanining "Chechak ota" mahallasi "Ko‘kcha" ko‘chasidan o‘tgan 1,3 km yer osti yuqori bosimli gaz quvurlari ham ta’mirlashga muhtoj holga kelgani bois, bu hududda gaz bosimi bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltirayotgandi. Qaror va Manzilli dastur ijrosi bilan ushbu hududdagi quvurlar rekonstruksiya qilinib, aholining gaz ta’minoti borasidagi muammolari hal etildi.
Bundan tashqari, Navbahor tumanining "Yangi hayot" mahallasi "Samo" va "Bo‘ston" ko‘chalaridan o‘tgan jami 2,9 km gaz tarmoqlari mukammal ta’mirlanadi.
Umumiy qilib aytganda, joriy yil isitish mavsumiga tayyorgarlik ishlari davomida viloyat bo‘yicha jami 10,2 km gaz quvurlarini tiklash-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida oldin gaz ta’minotida muammo bo‘lgan 6 ta mahalladagi 2460 ta aholi xonadonlariga tabiiy yoqilg‘i bir maromda, xavfsiz yetkaziladigan bo‘ldi.
"Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati