Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash borasida “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali va tumangaz gaz taʼminoti bo‘limlari tomonidan doimiy ishlar faol olib borilmoqda. Viloyatning olis hududlariga ham o‘z vaqtida maishiy gaz ballonlarni yetkazib berish alohida eʼtiborga olingan. Jumladan, uzoq tumanlardan biri hisoblangan Tomdi aholisiga har 35-40 kunda suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
- Bugungi kunda tumanimiz bo‘yicha jami 2 492 ta isteʼmolchi suyultirilgan gazdan foydalanib kelmoqda, - deydi Tomdi tumani suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Rustam Ro‘ziyev. - Shundan 2306 tasi maishiy gaz ballonlaridan va 186 tasi gazgolder kurilmalari orkali gaz kuvurlari yordamida suyultirilgan gazdan foydalanuvchi aholi isteʼmolchilaridan iborat. Tumanning 8 ta ovul fuqarolar yig‘inidagi isteʼmolchilariga maishiy gaz ballonlarni yetkazib berishda 1 dona maxsus “ISUZU” rusumli avtotransport vositasi xizmat ko‘rsatyapti. Olis OFYlarga ham xodimlarimiz tomonidan suyultirilgan gaz kechiktirilmay yetkazib berilmoqda.
Aytish kerakki, “Ayaq-quduq”, “Sheyla”, “Keregatau” ovul fuqarolar yig‘inlari tumandan ancha uzoqda joylashgan OFYlar hisoblanadi. Jumladan, “Ayaq-quduq” ovulidagi 351 ta isteʼmolchiga suyultirilgan gaz yetkazish uchun tuman markazidan 200 kilometr masofani bosib o‘tish kerak. Gaz taʼminoti xodimlari tomonidan qishning sovug‘iyu yozning jaziramasiga qaramay ayaq-quduqliklarga o‘z vaqtida maishiy gaz ballonlar yetkazilib kelinyapti.
Shuningdek, markazdan 138 kilometr uzoqlikdagi “Sheyla” va 110 kilometr olisda joylashgan “Keregetau” ovul fuqarolari ham maishiy gaz ballonlar vaqtida yetkazilib turilganidan mamnun. Xususan, bugun “Keregetau” ovulidagi 259 ta isteʼmolchiga reja-grafik asosida 105 ta maishiy gaz ballonda jami 2 tonna 100 kilogramm suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
- Maishiy gaz ballon yetkazishda shu paytgacha biror uzilish bo‘lgani yo‘q, - deydi mazkur ovulning “Jiriq” aholi punktida istiqomat qiluvchi Norqul Do‘stmurodov. – Bundan ovul ahli ham mamnun.
Maʼlumot o‘rnida keltirish joiz, joriy yilning mart oyida tuman axolisi uchun 28,54 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda bugungi kunga qadar 25,02 tonna suyultirilgan gaz tomdiliklarga yetkazib berildi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati