Qish chillasining izg‘irinli kunlari biroz chekinib, qahraton sovug‘i ortda qolgan bo‘lsa-da, hali tog‘ yo‘llarida transportda harakatlanishning o‘zi bo‘lmaydi. O‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda qor uyumlariga, yaxmalaklarga duch kelasiz.
Quyosh bo‘y ko‘rsatyapti, uning iliq tafti bugungidek sezilmaydigan ayozli ob-havo sharoitida ham “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali va uning tuman bo‘limlari xodimlari olis, borish og‘ir bo‘lgan tog‘ qishloqlaridagi iste’molchilarga ularning maishiy ehtiyojlari uchun suyultirilgan gaz yetkazib bermoqda.
Osmono‘par bu tog‘lar qo‘yniga yo‘lingiz tushib, shu kunlarda Sariosiyo tumanidagi Hisor tog‘ tizmalari bag‘riga kelib qolsangiz, oppoq qorga burkangan go‘zal manzaralar sizni beixtiyor maftun etadi. Muzlagan To‘palang suv ombori chinnidek tovlanadi. Ona tabiatning momiq libosiga o‘rangan baland qoyalarda xomush o‘y surayotgan bahaybat archalarni, suv tomchilaridan hosil bo‘lgan turfa ko‘rinishdagi sumalaklarni tomosha qilgach, hayratingiz oshadi. Sizga yo‘ldosh bo‘lgan gazchilar esa tabiatning bu qudratiga parvo ham qilmayotgandek tuyuladi. Chunki, tog‘li, uzoq qishloqlarga eltguvchi o‘nqir-cho‘nqir bu yo‘llar va tog‘ning faslga qarab tovlanuvchi go‘zal manzaralariga ko‘zlari ko‘nikib qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida qish va bahorda borish ancha mushkul bo‘lgan 56 ta qishloq bor. Ularning o‘nga yaqini Hisor tog‘ tizmalari qo‘ynidagi Sariosiyo tumanida joylashgan.
– Respublikamizda shunaqa sovuq havo kuzatilayotgan paytda biz gaz mahsulotini xalqimizga uzluksiz yetkazib beryapmiz, – deydi “Sariosiyotumangaz” bo‘limi xodimi Aziz Tog‘ayev. – Yomg‘ir, qor bo‘ladimi viloyatimizning Sariosiyo tumanida o‘nlab tog‘li, olis qishloqlariga gaz ballonlari yetkazib kelyapmiz. Bunga Sangardak, Shosh, Xubon, Xo‘jasmin, Maland qishloqlarini misol keltirish mumkin.
Aslida kamtarin, kamgap bu insonlarni o‘z kasbining fidoyilari, kun qahramonlari, deya atasak ham xato bo‘lmaydi. Gaz ballonlari yuklangan maxsus transport vositasi Sariosiyo tumani markazidan 70 chaqirim olisdagi Kundaijuvoz qishlog‘i aholisiga suyultirilgan yoqilg‘i yetkazib berish uchun qorli, qiyali yo‘ldan baland tog‘ bag‘riga yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay chekka hududda joylashgan yakka xonadonlarga ham suyultirilgan gaz ballon topshirildi. Shu zaylda 50 kilometrcha yo‘l bosib, To‘palang suv ombori tepasiga ko‘tarildi.
Ayni vaqtda biz dengiz sathidan 3 ming 832 metr balandlikda To‘palang suv omborining tepa qismidamiz, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati rahbari Aziz Mashrabov. – Bundan bir necha yil ilgari ushbu suv ombori orqali maxsus katerlar ya’ni qayiqlar orqali Kundaijuvoz qishlog‘iga suyultirilgan gaz ballon olib kelinar edi. Hozir tepa qismida avtomobil yo‘li barpo etilgan. Lekin qish mavsumida ushbu yo‘llardan yurish anchayin qiyin. Tor va qiyaliklarga qarab ketgan yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir. Bu yo‘llar qor yoqqan mavsumda muzlab qoladi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan gaz xodimlari qishloqdagi 45 xonadonga maxsus avtotransport vositalarida gaz ballon yetkazib beradi.
Suv ombor bo‘yida yangi qurilgan yo‘l orqali ehtiyotkorlik bilan oldinga harakatlangan maxsus avtomashina yana 20 kilometrcha yo‘l bosib, Kundaijuvoz qishlog‘iga yetib keldi. Gazchilar 45 xonadonda istiqomat qilayotgan 140 dan ortiq iste’molchiga maishiy gaz ballonlarni tarqatar ekan, ulardan hol-ahvol so‘rab, suyultirilgan gazdan to‘g‘ri foydalanish va to‘lov tartiblarini tushuntirdi. Qishloq odamlarining samimiy dil so‘zlaridan sovuqni ham charchoqni ham unutgandek bo‘ldi.
– Uylarimiz baland tepaliklarda joylashgan, – deydi Kundaijuvozlik Akmal Qurbonov. – Xodimlar gazni o‘z vaqtida yetkazib beryapti. Buning uchun gazchilarga minnatdorchilik bildiramiz. Ko‘rib turibmizki, havo 15-20 daraja sovuq. Shunga qaramasdan gaz o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Tog‘liklar juda xursand.
Sariosiyolik fidoyi gazchilar navbatdagi manzilda Kundaijuvozdan ham borish yanada qiyinroq bo‘lgan Maland qishlog‘iga yo‘l oladi.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta‘minoti filiali matbuot xizmati