Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
SHAHARSOZLIK NORMALARIGA AMAL QILISH – XAVFSIZLIGIMIZ KAFOLATIDIR
Bugungi rivojlangan davrda hayotimizni suv, gaz, elektr energiyasisiz tasavvur qilishimiz juda qiyin. Har bir rivoj topayotgan soha borki kommunal tizimi bilan ish unumdorligi uzviy bog’liq. Ayniqsa, ishlab chiqarish korxonalarida. Biroq, qazilma boyliklarimizni asrash, joyi kelganda tejamkorlik bilan ishlatish lozimligini, yoki bo’lmasa gazdan qonun doirasida foydalanishni ba’zida unutgandekmiz. Gazdan unumli va oqilona foydalanish, xavfsizlik holatiga e’tiborli bo’lish iste’molchining asosiy vazifalaridandir. Аyniqsa, gaz sizib chiqish holatlari, tabiiy gazga noqonuniy ulanishlar, gaz quvurlari ustiga inshootlarni qurish, gaz jihozlaridan toʼgʼri foydalanmaslik kabi boshqa bir qator holatlar favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishida asosiy sabab boʼlmoqda.
Gaz quvurlari ustiga inshootlarni qurib, xavfsizlik qoidalariga rioya etmay kelayotgan fuqarolar ham yoʼq emas. Filialning mas’ul xodimlari tomonidan oʼtkazilgan tekshiruvlar davomida muhofaza zonasida barpo etilgan 438 ta obyekt aniqlangan bo’lib, yuqori bosimli gaz quvurlarining xavfsizlik zonasida 143 ta, oʼrta va past bosimli gaz quvurlarida 295 ta bino va inshootlar qurilgan. Hozirda 10 dan ortig’i bartaraf etilgan.
“Shaharsozlik. Shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurilishni rejalashtirish” normalari hamda qoidalariga muvofiq gaz taqsimlash tarmoqlari uchun quyidagi muhofaza zonalari belgilangan:
- Past bosimli tarmoqlar uchun – 2 metr;
- Oʼrta bosimli tarmoqlar uchun – 4 metr;
- Yuqori bosimli II-toifali tarmoqlar uchun – 7 metr;
- Yuqori bosimli I- toifali tarmoqlar uchun – 10 metr.
“Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiali gaz quvurlarining muhofaza zonasida qurilish ishlari qatʼiyan taʼqiqlanganligi va Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksining tegishli bandlariga muvofiq javobgarlikka tortilishini eslatib o’tadi.
✍️ “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati