Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
IS GAZIDAN O’ZINGIZ VA YAQINLARINGIZNI EHTIYOT QILING!
Tabiiy gazdan notoʻgʻri foydalanish oqibatida is gazi va gazdan zaharlanish kabi nohush hodisalarning oldini olish, ayniqsa, bolalarni gaz va gaz jihozlaridan foydalanishi xavfli ekanligi haqida gaz taʼminoti hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan doimiy ogohlantirilib kelinsa - da, baxtsiz hodisalar roʻy berishi kuzatiladi. "Yunusobodtumangaz" gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari aholi orasida targʻibot - tashviqot tadbirlarini yanada keng olib borishmoqda. Bugun tumandagi "Yangibog‘", "Ahliobod", “Nurmakon”, "Mehnatobod" mahallalarida bu kabi tadbirlar bo’lib o’tmoqda. Yanvar oyidan boshlab hozirga qadar 6 100 ta xonadonga eslatma materiallar tarqatilib, gazdan to'g'ri va oqilona foydalanish bo'yicha tushuntirishlar olib borildi.
Poytaxtimizda 575 ta mahallalar mavjud boʻlib, joylardagi jami 2 912 dona gaz taqsimlash punkti, shulardan 123 dona yuqori va 2 789 dona oʻrta bosimli gaz taqsimlash qurilmalari orqali 655 mingdan ziyod isteʼmolchilarga bir meʼyorda tabiiy gaz yetkazib beriladi.
Xonadonlarga bir meʼyorda yetkazib berilayotgan gazdan har bir isteʼmolchi toʻgʻri foydalanishi lozim. Gaz taʼminoti korxonasi esa buni doimiy nazoratga olib, aholi xonadonlaridagi gaz tarmoqlarini tekshirib boradi. Qolaversa, xonadonlardagi gaz tarmoqlarini nazorat qilish va ularni oʻz vaqtida taʼmirlash - tiklash, noqonuniy ulanishlarni aniqlash kabi vazifalar ham mavjud. Soha xodimlari tomonidan mazkur gaz jihozlarini texnik - taftishdan oʻtkazish bilan birga, joylarda, ayniqsa aholi gavjum joylarda is gazidan zaharlanishning oldini olish boʻyicha ham keng targ’ib qilinmoqda.
Aholi orasida tabiiy va is gazidan zaharlanish bilan bogʻliq hodisalarning oldini olish boʻyicha olib borilayotgan tekshiruv tadbirlari davomida gaz jihozlari va uskunalaridan notoʻgʻri foydalanish oqibatida yuzaga keladigan nohush holatlar haqida aholiga tushuntirishlar berib o’tilmoqda.
Gaz bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari:
gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin neft mahsulotlari va boshqalar) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat'iy rioya eting;
nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanmang;
Isitish pechlari dudburonlarining toza va soz holatda bo‘lishini ta'minlang;
oshxonada o‘rnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalaridan xonalarni isitish maqsadida foydalanmang;
havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni ochiq va ishchi holatda bo‘lishini ta'minlang;
xonadonlarga gazni aniqlovchi qurilma o‘rnatish tavsiya qilinadi. Bu kutilmaganda is gazi va tabiiy gaz sizib chiqish holatlarini darhol aniqlash hamda bartaraf etish imkonini beradi.
Targʻibot tadbirlari oʻtkazilishidan asosiy maqsad esa, nostandart gaz jihozlaridan foydalanish, gaz tarmoqlariga rezina shlang orqali ulanish, nosoz holatdagi dudburonlardan foydalanish natijasida jabrlanishlarning oldini olishga qaratilgan boʻlib, masʼullar tomonidan isteʼmolchilarga oʻzlari va yaqinlarining sogʻligʻiga beeʼtibor boʻlmaslikka daʼvat etuvchi eslatmalar tarqatilmoqda. Bu kabi tadbirlar Yunusobod tumanining barcha hududlarida o’tkazilmoqda.
✍️ “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati