Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Ayni vaqtda Surxondaryo viloyatida 475 209 nafar iste’molchi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanib, ularning 575 594 tasiga "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali tomonidan shartnoma asosida gaz ballon yetkazib berilgan. Filial hisobidagi 535 922 ta maishiy gaz ballonlarning 3540 tasi bilan iste’molchilarga "aylanma" usulda xizmat ko‘rsatiladi.
Aytish kerak, belgilangan me’yorga ko‘ra, gaz ballonlar 5 yilda bir marta bosim ostida sinovdan o‘tkaziladi. Agar sinash jarayonida gaz ballon bosimga dosh bermasa, tashqi ko‘rinishi ko‘zdan kechirilganda, nuqson aniqlansa, ushbu gaz ballonlar foydalanish uchun yaroqsiz hisoblanadi va ular ta’mirlanadi. Agar ballonlar bosim ostida sinovdan o‘tsa, ularning pasportiga yana besh yil foydalanish mumkinligi haqida maxsus belgi qo‘yiladi.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tasarrufidagi maishiy gaz ballonlarni ta’mirlash va sinovdan o‘tkazish syexida ayni kunda yaroqlilik muddati yetgan va barcha bo‘limlar omborxonalarida saqlanayotgan ta’mirtalab maishiy gaz ballonlarni sinovdan o‘tkazish hamda jo‘mrak (ventil) moslamalarini almashtirish ishlari olib borilmoqda. “Muzrabot” gaz to‘ldirish inshooti hududida joylashgan mazkur sinash syexi bir kunda 40 tagacha maishiy gaz ballonni sinovdan o‘tkazish quvvatiga ega.
Joriy yilning yanvar oyida ushbu sinov syexida 837 ta gaz ballon ta’mirlanib sinovdan o‘tkazilgan. Ayni vaqtga qadar 990 ta ballon sinovdan o‘tkazilib, foydalanishga topshirildi.
Iste’molchilarga gaz ballonning yaroqsiz holga kelishiga sababchi bo‘lmaslik kerakligi muntazam tushuntirib borilmoqda.
Gaz ballon maxsus transport vositasida har bir hududdagi iste’molchi xonadonigacha olib boriladi. Bu borada iste’molchilar ogohlantirilgan. Ammo shunday bo‘lsada, ba’zi fuqarolar buni kutmasdan ballonni yerda dumalatgan holda gaz ballon tarqatilayotgan transport vositasi to‘xtagan joyiga olib borishadi. Natijada qattiq yerga, toshga urilgan ballon lat yeb, bu uning tashqi ko‘rinishiga zarar yetkazishi, yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun fuqarolardan maishiy gaz ballondan belgilangan qoidalarga amal qilgan holda foydalanishlarini so‘rab qolamiz, - deydi Filial mas’ul xodimi Soib Berdiyev.
"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati