Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
O‘zbekistan Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2021-yil 14-dekabr kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 55-sonli bayonining 38-bandining ijrosi yuzasidan Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Qurilish vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitalari va “Hududgazta’minot" AJning hududiy boshqarmalari hamda mahalliy hokimliklarning vakillaridan iborat ishchi guruhlar tarkibida Namangan viloyati hududidan o‘tgan yuqori, o‘rta va past bosimli gaz quvurlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Mazkur tadbirga filialning barcha shahar va tuman gaz bo'limlarining malakali mutaxassislaridan iborat 13 ta ishchi guruhlar tashkil etildi.
Xatlov natijalariga ko‘ra, Namangan viloyati “Hududgaz Namangan” gaz ta'minoti filialiga qarashli 573,15 km uzunlikda yuqori bosimli, 2937,20 km uzunlikda o‘rta bosimli, 1839,13 km uzunlikda past bosimli gaz quvurlari mavjudligi aniqlandi. Ishchi guruh tomonidan gaz quvurlarining muhofaza zonalarida 210 ta turar joy obyektlari, 54 ta noturar joy obyektlari aniqlangan bo‘lib, shundan 40 tasining kadastr hujjatlari mavjudligi, 224 tasining kadastr hujjatlari mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Tadbirlar davomida, tabiiy gaz bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olish maqsadida 264 nafar fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Noqonuniy qurilmalar egalariga o‘zlari tomonidan qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish xatlari berildi.
Mazkur jarayonlar natijasida bugungi kunda hududlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, texnik standartlarga amalga qilish, nostandart qurilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, yer osti tarmoqlari hisobini to'gri yuritilishi hamda ularni ekspluatatsiya qilish qoidalariga qat'iy rioya etilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatildi.
"Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati