Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali negizida nazariy bilimga ega bo‘lgan soha xodimlarining tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy ko‘nikma hosil qilishlarini ta’minlash maqsadida o‘quv amaliyot maydonchasi tashkil etilgan.
Mazkur amaliyot xonasi gaz quvurlari, gaz taqsimlash qurilmalari, shuningdek, uy ichi gaz jihozlariga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha xodimlarning ko‘nikma hosil qilishlari uchun namunaviy ko‘rgazmali jihozlar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, turli o‘quv qo‘llanmalari, shaxsiy himoya vositalari ishchi-xodimlarning amaliy jihatdan faolligini rivojlantirishga qaratilgan.
Bugungi kunda ushbu amaliyot maydonchasida Filialning mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi bo‘limi tomonidan sohada mehnat qilayotgan xodimlar bilan domimiy seminarlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Unda xodimlarga gaz taqsimlash qurilmalarining ishlash prinsiplari, yer osti gaz quvurlarida elektr kimyoviy himoyalash qurilmalarining qo‘llanilishi, gaz quduqlarida ishlashda shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish borasida tushunchalar berib o’tilmoqda.
Shuningdek, uy ichi gaz jihozlariga servis xizmat ko‘rsatish, zamonaviy energiya tejamkor gaz uskunalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, ularni ta’mirlash zarur bo‘lganda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi borasida xodimlarning bilim va saviyasi oshirildi. Aholi orasida tejamkor uskunular targ‘ibotini kuchaytirish orqali gazni iqtisod qilish va xavfsizlikni ta’minlashga erishish mumkinligi ham aytib o‘tildi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur o‘quv amaliyot maydonchasi tizimda ustoz-shogird an’analarini yanada mustahkamlash, sohaga yangi kirib kelgan yosh kadrlarning nazariy va amaliy bilimlarini boyitib borish, eng muhimi iste’molchilarga gazni bir maromda va xavfsiz yetkazib berishda muhim poydevor vazifasini o‘tashi, shubhasiz.
"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati